- Rukn: Sheʼrlar
- 4827 marta ko‘rilgan
Bebosh timsohcha
Timsohcha arz ayladi,
Betoqat bo‘lib bir kun.
Baqirgancha der: Oyi,
Gaplarim tinglang bir zum.
Qanotsiz tug‘ildim-ku,
Nega men ucholmayman?
Qushlarga o‘xshab men ham,
Osmonni qucholmayman?
Yurganimiz botqoqlik,
Kezamiz nuqul loyda.
Jonga tegdi bu yerlar,
Yashamoqchiman oyda!
Bola ko‘nglin ko‘tarar,
Ona sho‘rlik yupatib.
Timsohcha quloq solmas,
Jahli chiqib, tutaqib.
Onasining gapini,
Cho‘rt kesgancha beodob,
Tog‘ tomon yo‘l olibdi,
Shoshgancha qilib xitob.
Quyosh nurlari bilan,
Qizdirardi tanasin.
Sillasi qurib eslar,
Botqoqlig-u, onasin.
O‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan,
Halloslab borar edi.
Kalta oyoq, uzun dum,
Xalaqit berar edi.
Cho‘qqiga yetib bazo‘r,
Tayyorlana boshladi.
Oxirin o‘ylamasdan,
O‘zin pastga tashladi.
Endi o‘jar timsohcha,
Yerga qular yuztuban.
Qilib qo‘ygan ishini,
O‘ylamasdan hech obdan.
Tosh haykalning ustiga
To‘g‘ri kelib quladi.
Chalpak bo‘ldi bechora,
“Voydod” aniq o‘ladi.
Yerda yotgancha bebosh,
Afsuslanar endi ko‘p.
Qilgan ishlari uchun,
Ta’zirini yedi xo‘p.
Go‘zal SUNNATOVA,
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi
“Qaqnus” to‘garagi a’zosi