- Rukn: Sheʼrlar
- 360 marta ko‘rilgan
Yoz – oʻtmoqda soz!
Yurtga keldi ajib yoz,
Ta’til kunlar o‘tar soz.
Dam olamiz yoz bo‘yi,
Goh mutolaa, goh o‘yin.
Cho‘milamiz anhorda,
Bu ishning gashti bor-da.
Baliq oviga ba’zan
Chiqib tutamiz sazan.
Qo‘y boqib qir-u tog‘da,
Mevalar terib bog‘dan.
O‘tkazamiz yozni biz,
Quritib turshak, mayiz.
Oromgohda olib dam,
Bo‘lamiz sog‘lom-bardam.
Har bir bola qiziqqan,
To‘garaklarga chiqqan.
Kimdir “Shaxmat”, “Shashka”ga,
Chevar qizlar “Kashta”ga.
Ba’zi qizlar “To‘qish”ga,
Kimdir “Kitob o‘qish”ga.
Yosh rassomlar “Musavvir”,
To‘garakdan olar sir.
Ko‘rib xo‘p quvonar ko‘z,
Buni der “Besh tashabbus”...
Qishga yig‘amiz pichan
Zerikmaymiz biz hech ham.
Ayozli kunlar uchun
To‘playmiz, hatto, o‘tin.
Butun oila gohida
Boramiz muzey, bog‘ga.
Shunday o‘tar ajib yoz,
Yoz fasli qandayin soz!
RO‘ZIMUROD BOLQIYEV,
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani,
10-maktab o‘qituvchisi