- Rukn: Sheʼrlar
- 559 marta ko‘rilgan
Bilimlar kunida
Jannat yurtimizning jannat gullari,
“Bilimlar kuni”ngiz muborak bo‘lsin.
Bugun ko‘zlaringiz quvonch-la yonar,
Oq oydin tilaklar to‘lishsin, to‘lsin.
Sizni mudom qo‘llasin bobolar ruhi,
Qadamlar qolipdek tushsin iziga.
Siz shunday o‘qing-ki, dunyo tan bersin,
O‘zbekning jur’atli o‘g‘il-qiziga.
Jadid bobolarning orzu-o‘ylari
Siz misol barisi amalga oshsin.
Yangi O‘zbekiston, yangi Renessans
Bilimli yoshlarga eshigin ochdi.
Eng qudratli kuch bu – ilm chashmasi,
Onajon yurtimning tubsiz ummoni.
Internet asrining bilimdonlari,
Bir zamon keldiki, o‘qish zamoni.
Tiniq tafakkur-la tashlangiz qadam,
Kelajak sizniki, ovoz sizniki,
Zakovat kalitin qo‘lga olsangiz,
Yer-u ko‘k sizniki, parvoz sizniki.
Zahro HASANOVA