- Rukn: Sheʼrlar
- 519 marta ko‘rilgan
Ona tilim
Oftob farzandidir oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.
U sening tilingda aytar allalar,
Oftobdek ardoqli, ey ona xalqim.
Men erka o‘g‘lingman, goh she’r ayturman,
Goh tushib olurman so‘qmoq izingga.
Seni yozmak uchun ortga qayturman,
Seni yozajakman bugun ko‘zimga.
Go‘yo qismat deya, oyatlar yozib,
Shunday sudrab kirarlar jangga.
Bas, ne ko‘rgulikdir, nima gap o‘zi,
Bu ne talotumdir, aytib ber menga?
Nahotki, umrbod o‘rtasa o‘ylar,
Umrbod zanjirband etmasa xotirot?!
Navoiy baytiga o‘xshaydi yo‘llar,
Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot...
Abu turk o‘tmishdan qolgan rivoyat,
Biroq sen borsan-ku o‘zbek elida...
Shoir, she’r aytmoqqa sen shoshma faqat
Ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilida.
Bu olis quyoshdir, kuyinib yonar,
Olis esdalikdir – bo‘lmaydi ado.
U qachon tug‘ilgan, bilmas payg‘ambar,
U qachon so‘nadi, bilmaydi Xudo.
Sen-da abadiysan, ey ona tilim,
Senda ayon bo‘lgay shafqatim, qahrim.
Hech qachon hech kimsa ololmas yulib,
Haqiqatni yulib ololmas, bag‘rim.
Oftob farzandidir oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.
U sening tilingda aytar allalar,
Oftobdek ardoqli, ey mening xalqim!
Rauf PARFI
O‘zbekiston xalq shoiri