- Rukn: Sheʼrlar
- 751 marta ko‘rilgan
Bizning to‘garak
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi 6-IDUMda adabiyotga havasmand o‘quvchilar ko‘p. Ular taniqli bolalar shoiri Sobir Jabbor rahbarlik qilayotgan adabiy to‘garakda ijod sirlarini o‘rganib, rang-barang mavzularda she’r, hikoyalar yozishmoqda.
Ijodkor o‘quvchilarimizning mashqlaridan yo‘llar ekanmiz, ular jurnalxonlarni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
Sur’at
Sur’at jur’atli bola,
A’lo o‘qir maktabda.
U har kuni “5” olar,
Bilim olib kitobdan.
Bilaman, siz bilimda
Sur’atdan ham o‘zasiz.
Sizga xo‘p ma’qul bo‘lgan,
So‘zni ravon yozasiz.
Risolatxon ZINNUROVA,
4-sinf
***
Vaqt – g‘animat
Bu kunlarni kutardim intiq,
Bu kunlarga yetdim, zerikdim.
Va aytaman ochiqdan ochiq,
Zeriktirdi loqayd sheriklik...
Zavqli kunlar qadriga sen yet,
Vaqt g‘animat, umr esa oz...
Sen o‘zingdan nom qoldirib ket,
Yashab o‘tgin insonlarga xos.
Robiyaxon MUHSINOVA,
5-sinf
***
Kuz
Havo ochiq, osmon charog‘on,
Tilla barglar yelda shovullar.
Mevazorda ter to‘kar bog‘bon,
Kelgusi yil hosilin o‘ylar.
Mohlarbegim USMONOVA,
5-sinf
***
Tilak
Kitob o‘qib tolmayman,
Izlanaman – izlayman.
O‘qib-uqib men doim,
Kelajakni ko‘zlayman.
Shuning uchun tinmasdan
Hayotni kuzataman.
Hatto kichik xabarda
Nuqsonni tuzataman.
Qalam bilan lafzim bir,
Shirin orzu qilaman.
Kelajakda men jasur,
Jurnalist qiz bo‘laman.
Shukrona AKRAMJONOVA,
5-sinf