- Rukn: Sheʼrlar
- 506 marta ko‘rilgan
Vaqt
Vaqt o‘ziga abadiy
Dvigatel o‘rnatgan.
To‘xtayman, u to‘xtamas
Qaysarlikka o‘rgatgan.
Dadam avtosin har kun
Zap qarovdan o‘tkazar.
Moy kamaysa – moy quyar,
Yuvar, gardin ketkazar.
Har kun xarj etar aql
Idrok, bilim, ko‘z nurin.
Shu zayl sog‘ motorning
Uzaytiradi umrin.
Vaqt uxlamas, men esa,
Uxlamasam bo‘lmaydi.
Ojiz va nochor inson
Har xil usul qo‘llaydi.
Vujud – akkumulyator,
Uxlab zaryadga qo‘ygum.
Tunda kuch to‘plab kunduz
O‘tkazgum tashvish, to‘yim.
Intilish zoye ketgan
Vaqt aybin ketar yuvib.
Bilim, mehnat-la vaqtning
Ortidan yurgim quvib.
Mo‘min Avaz