- Rukn: Sheʼrlar
- 506 marta ko‘rilgan
Bobur bobom
Bobur bobom, sarkarda bobom,
Ham olim-u, ham shoir bobom.
Tomirida Amir Temurning
Qoni oqqan jahongir bobom.
“Boburnoma” ilm ummoni,
Sho‘ng‘ib ko‘rgan biladi uni.
Bu qomusiy kitobning sehrin
O‘rganamiz yillar, har kuni.
Sport, san’at, geografiya, tarix,
Davlatchilik – bari bunda jam.
Tabiatning rangin olami,
Tog‘-u toshlar siri mujassam.
Tuyuq, g‘azal, ruboiylarin
O‘qisak xo‘p qilamiz huzur.
Ko‘ngillarga singib ketadi
Go‘yo shoir yoningda zuhur.
Zahiriddin Bobur Mirzoning
Umri o‘tdi jang-u jadalda.
Hech halovat bilmadi va lek,
Huzur topdi ijod mahalda.
Balxdan tortib Bangolga qadar
Yurt so‘ragan odil shohdir u.
Sog‘inchlari she’rga aylangan,
Arslon kelbat yuksak tog‘dir u.
Zahro HASANOVA