- Rukn: Sheʼrlar
- 426 marta ko‘rilgan
Buzuq soat
Buzuq soat devordan
Bitta vaqtni ko‘rsatar.
Go‘yoki berib yordam,
Hammaga gap o‘rgatar:
— Yurmayapman atayin,
Soatlarga ibratman.
Senlar — baring betayin,
Men bir so‘zli soatman.
Yana, kamgapman juda,
Ko‘pincha jim yotaman.
Bor-yo‘g‘i ikki marta,
Vaqtni to‘g‘ri aytaman.
Ham sipoman, ham sodda,
Hatto, chiqillamayman.
Kattalarning oldida,
Hadeb jiqillamayman.
Xudoyberdi KOMILOV