- Rukn: Sheʼrlar
- 1285 marta ko‘rilgan
Chempionlar maskanisan, ona yurtim!
Shavkatingni shohsupaga olib chiqqan,
Pahlavonlar saflarini yorib chiqqan,
“Zoʻrlar ichra zoʻr boʻlay!”, deb gʻolib chiqqan,
Oʻgʻlonlaring madh etmasam boʻlmas, Vatan!...
...Rustam, Rishod, Diyorbeklar diyorisan!
Elmurodning koʻksidagi tumorisan!
Muhammad-u, Murodjonning iqbolisan!
Ixtiyordek ishonchlari soʻnmas, Vatan!
Barchinlar ham yigitlardan oʻtar hali,
Oltin, kumush medallarni yutar hali,
Oksananing matonati – bu yurt shaʼni!
Suving ichgan qizlar qirqda oʻlmas, Vatan!
Boshimizni baland qildi bu kun mardlar,
Yuraklardan chiqdi asriy alam, dardlar,
Shodliklarga ulanganda shukr-u, hamdlar.
Bayramlaring toʻyonasiz boʻlmas, Vatan!
Bayrogʻimiz belanchakka yopib qoʻyay,
Beshigimga nishonimiz taqib qoʻyay,
Qulogʻingga bir niyatim aytib qoʻyay,
“Endi qalbda orzularim soʻnmas, Vatan,
Chempionsiz xonadonlar boʻlmas, Vatan!”
Muazzam IBROHIMOVA