- Rukn: Sheʼrlar
- 1746 marta ko‘rilgan
“Gapirganda oʻyla har dam”
Xalqimizning suyukli shoiri Tolib Yoldosh tavalludining 100 yilligiga
Bilasizmi, bolalar?
Zoʻravon kim, qoʻrqoq kim,
Bilasizmi, bolalar?
Bularning har ikkisi –
Qoʻrqoq, koʻzi olalar.
Zoʻravonlik nomiga,
Asli qoʻrqoq oʻzlari
Sagʻal gapga jiringlab,
Ola-kula koʻzlari.
“Kel, qoʻy”, desang qaramay,
Yoqangizdan tutadi.
Bunday maqtanchoqlardan
Kim polvonlik kutadi?
Polvon boshqa, bilsangiz,
U ogʻir, yuvvosh boʻlar.
Bir kuchin koʻrsatsami,
Qirq bolaga bosh boʻlar.
Yoʻq, yoʻq, u juda kamtar,
“Man-man”likni xushlamas.
Oʻrtoqlarin hurmatlar,
Yoqasidan ushlamas.
Maqtanchoqqa
Sen oʻzingni oʻzing koʻkka
Koʻtarma koʻp.
Toʻgʻri, oʻzing, juda yaxshi –
Bolasan, xoʻp.
Lekin seni boshqa birov
Maqtar boʻlsin,
Soʻzlaringga keksa-yu yosh
Mahtal boʻlsin.
Hayotda bir oʻzing emas,
Qaraysanmi?
Hamma sevib maqtashlikka
Yaraysanmi?
Gapning joni
Qiziq, gapning joni bormi,
Gap ham tirik jonivormi?
Koʻrmaganman nega men hech,
Soʻzlashsam-da erta-yu kech.
– Toʻgʻri, uni koʻrish qiyin,
Koʻrarsan ham bir oz keyin.
Omon uzoq oʻylab qolar,
Xayol bilan oʻynab qolar...
Ota oʻgʻlin anglab shunda: –
Hech qanday sir yoʻq, – der bunda.
– Zar qadrini bil avvalam,
Gapirganda oʻyla har dam.
Sayrayverma apil-tapil,
Avval oʻylab, keyin gapir.
Gapning yaxshi, yomoni bor,
Kamida ming tomoni bor.
Tishi ham bor, nishi ham bor,
Yozi ham bor, qishi ham bor,
Guli ham bor, tikani ham,
Uning jonli ekani ham
Ana shunda, – der otasi –
Toʻgʻri soʻzning yoʻq xatosi.
Oftob – ona
Koʻpni koʻrgan keksalar
Oftob – ona deydilar.
Oftob soʻzi shunchaki
Bir bahona deydilar.
Necha yillar shu oftob
Yoritgan keng olamni.
Necha yoshga kirgan u
Aqli yetmas odamning.
Bu toʻgʻri gap – hayotda
Oftob katta onamiz.
Bolalikdan biz mehr
Nurlariga qonamiz.
Ulgʻayamiz, ham uning
Bagʻridamiz erta-kech,
Ona mehri – oftobdan
Ayrilmasak, deymiz hech.
Tolib Yoʻldosh