- Rukn: Sheʼrlar
- 1119 marta ko‘rilgan
“Qushlarday intildim yuksaklikka men”
Vatan
Koʻp gapirma bu haqda, bolam
Maqtayverish osonga oʻxshar.
Iftixoring samimiyatdan
Yiroq boʻlar yolgʻonga oʻxshar.
Sevmak kerak uni onangday
Tanda joning omon turguncha.
Soʻnggi oning, soʻnggi nafasda
Yurak soʻnggi marta urguncha.
Dorboz
– Dorga ilk bor chiqqan kunlarim
Oyoqlarim qaltirar edi.
Vujudimdan olovlar chaqnab
Samo titrar edi,
Yer titrar edi.
Chorlayverdi balandlik meni
Qushlarday intildim yuksaklikka men.
Dorboz!
Deganida endi choʻchimay
Quyunday otilib bordim tikka men.
Zaminday balandda, simning ustida
Dadil yurganingning sababi nechun?
– Seni asrayman, deb dor ogʻochlarin
Ona yer koʻksida tutgani uchun.
Yangi sinfdosh
Yashirgandik
Kitobini,
Oshirgandik
Xunobini.
Soʻng oʻgʻirlab
Qalamini,
Zap keltirdik
Alamini.
U beparvo
Kulib qoʻydi,
Ne qarorga
Kelib qoʻydi?
Tegajoqlik
Oshib ketgach,
Gʻazabi ham
Toshib ketgach,
Tik tikilib
Koʻzimizga,
Musht tushirdi
Yuzimizga.
Ogʻriq oʻtdi
Jonimizdan.
Magʻrur ketdi
Yonimizdan...
Quyosh oʻlkasi
Erta tongdan bagʻringda
Erkalab keng dunyoni,
Zamin uzra sochasan
Nurlaringni – ziyoni.
Sezaman oʻlkamizga
Sen oʻzgacha boqasan.
Odamlar, dov-daraxtlar,
Hammaga teng yoqasan.
Jilmayar shunda oftob:
– Gaping toʻgʻri, bolajon,
Yurtingning toʻrt fasli ham
Nurim bilan nurafshon.
Sodiqjon Inoyatov