- Rukn: Sheʼrlar
- 12024 marta ko‘rilgan
Darsdan soʻng
Xalqimizning ardoqli shoiri Matnazar Abdulhakimning “Darsdan soʻng” sheʼri uchun Xorazm viloyatida “Muallimga mangu ehtirom” haykali oʻrnatilgan. Bu – olamda sheʼr uchun qoʻyilgan yagona haykaldir. Eʼtiboringizga ana shu sheʼrni havola etamiz.
Kimnidir koyidi chekkani uchun,
Tortib olib qoʻydi gugurtini ham.
Mashq daftarlarini yigʻdi-da, soʻngra
Bir-bir sanab koʻrdi. Yetti daftar kam.
“Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?
Kelasiz oʻqishmas, qilish uchun sayr.
Bu safar ham ikki qoʻymay turaman,
Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr”.
Qish kuni – bir tutam. Qoraygandi qosh.
Ikkilandi. Oʻtmak kerak, axir, qirdan.
Eri ham kelmadi olib ketishga
“Uyda tinchlikmikan?!” – vahm etdi birdan.
Hamkasb dugonasi qistovga tutib,
“Tunab keting, – dedi. – Kech boʻlib qoldi”.
Koʻnmadi. Qoʻltiqlab mashq daftarlarni
Uyga yolgʻiz oʻzi yayov yoʻl oldi.
Ovul tugab, endi qirga chiqqanda
Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.
Yoʻldan qaytmoqchi ham boʻldi bir oʻyi.
“Oʻgʻlim xastalanib qoldimikan yo...”
Yuragini battar vahima bosdi,
Qamradi tundan ham battar bir qoʻrquv.
Oʻnqirmi, choʻnqirmi, oʻrmi, qir demay
Yana ketaverdi, ketaverdi u.
Mudhish bir sharpani ilgʻadi nogoh,
Razm solsa – qashqir. Qilardi taʼqib,
Esladi yirtqichning qoʻrqishin oʻtdan,
Iziga bir daftar tashladi yoqib.
Qashqir toʻxtab qoldi. Soʻng – yana, yana,
Muallima omon topgan bu olov
Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.
Yoʻlovchi – yoqardi, qashqir – toʻxtardi,
Tin olardi ikkov har daftarda bir.
Yoʻl uzoq, tun qaro, qashqir esa och,
Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.
Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi
Muallimda daftar, qashqirda – toqat.
Uvvos figʻon tutdi qishloqni tongda,
Zamin aza ochdi, zamon yigʻladi.
Daftar topshirmagan yetti oʻquvchi
Hammadan ham yomon yigʻladi...
Noʻnoq nazmim uchun avf et, xalqim,
Na olim, na fozil, na soʻz piriman.
Oʻz vaqtida daftar topshira olmay
Qolgan bolalarning biriman.
Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi
Yozgan sheʼrlarimni oshiqlar.
Men yaxshi bilaman, qoʻshiqlarim joʻn,
Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.
Lekin... ketmakdasan kelajak sari
Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.
Oʻzimcha asragim keladi seni
Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.
Men mashq bajaraman, yozaman har kun
Daraklar, soʻroqlar, xitoblarimni.
...Sen yoʻl boʻyi yoqib tashlab ketaver
Qashqirlar qoʻrqquvchi kitoblarimni...
Matnazar Abdulhakim