Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Doimo shay ko‘makka

Shokoladli tush

 

Tun parda yoyib

Yulduz osganda,

Sho‘x Mirvohidni

Uyqu bosganda,

Yotqizdi asta

Yumshoq to‘shakka,

Bolakay mudrab

Ketdi pinakka.

Keyin oyisi

dedi erkalab:

– Shirin tushlar ko‘r,

shod tur, ertalab!

Behol Mirvohid

Ko‘z ochdi nogoh.

Tamshab labini

So‘z ochdi nogoh:

– Oyi, shokolad

Bermasangiz, xo‘sh-sh,

Qanday qilib men

Ko‘ray shirin tush?!

 

 

Odobning onasi

 

Unutmaydi salomni,

Hamisha ziyrak, hushyor.

Ikki qo‘li ko‘ksida,

Nortoy munosib dastyor.

 

Oftobani hovlida

Suvga to‘ldirib qo‘yar.

Mehmon uchun pokiza

Sochiq doimo tayyor.

 

Maktabda ham a’lochi,

Qoldirmaydi saboqni.

Qisqartirar, oldirar

Vaqtida soch-tirnoqni.

 

Ust-boshini avaylab

Osib qo‘yar ilgakka.

Begonami, do‘st-o‘rtoq

Doimo shay ko‘makka.

 

Qayerdan kelgan axir,

Bolakayga xush odob?

Chunki, u bo‘sh vaqtida

O‘qiydi ko‘plab kitob!

 

 

Nima yomon?

 

– Ilonning zahri yomon,

Arslonning qahri yomon,

Bossa filning oyog‘i,

Tepsa otning tuyog‘i...

– Yana nima yomondir?

– Eng yomoni yolg‘ondir!

 

 

Shirin bolalar

 

– Onalarning hammasi,

Buvi, xola, ammasi,

Dugonasi ham hatto,

Begonasi ham hatto,

Erkalasa albatta:

“Shirinim, shakarim” der,

“Novvotim, asalim”, der.

Dada, ayting, bu ne hol,

Qiynayapti shu savol?

– Xo‘p, aytaman, sababin,

Bunga oddiy javobim:

Komil, Javohir, Jasur,

Bolalarning barchasi –

Tanishmi yo notanish,

Shirinlikni ko‘rar xush!

 

 

Hasharda

 

Jam bo‘lishib sahardan

Kecha bizlar shaharda,

O‘ynagandek kim o‘zar,

O‘tkazdik katta hashar.

Chakkasidan oqib ter,

Belkurak ag‘dardi yer.

So‘ngra yana yer kavlab

Nihol ekdi avaylab.

Xaskash xasni sidirdi,

Supurgioy supurdi.

Borib-kelib ming karra

Quruq shoxlarni arra,

Tushmasin deb yo‘lakka,

Bo‘ldi bo‘lak-bo‘lakka.

Teshacha gul o‘tqazdi,

Chelak suvni yetkazdi.

Yaxshi o‘tdi sinovdan

Gulqaychi kesdi novda.

Qoyil qildik ishni biz,

Yashnab ketdi shahrimiz!

 

 

Faxriddin HAYIT

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.