- Rukn: Sheʼrlar
- 2934 marta ko‘rilgan
Aytishmachoq
– Bir, ikki,...o‘n ikki,
“O‘n ikki”, deb kim aytdi?
– O‘n ikki, deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Doim kulib boqadi,
Tafti tanga yoqadi.
Berar harorat, yog‘du,
Qani, ayt-chi, nima u?
– Savoling juda oson,
Uni bilar keksa-yosh.
Axir, u saxovatli
Qadrdon boboquyosh.
– Bir, ikki,...o‘n ikki,
“O‘n ikki”, deb kim aytdi?
– O‘n ikki, deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Og‘a-ini ming botir,
Ko‘m-ko‘k gilamda yotir.
Kunduz ketib qolishar,
Olisda dam olishar.
– Aytding qiziq topishmoq,
Men uni topdim, o‘rtoq.
Botirlar – yulduz, ko‘m-ko‘k
Gilam esa – osmon, ko‘k.
– Bir, ikki, uch...o‘n olti,
“O‘n olti”, deb kim aytdi?
– O‘n olti, deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Cholday oppoqdir sochi,
Osmonga yetar boshi.
Uzoqdan ko‘rinadi,
Bilsang, ayt-chi, nima u?
– Xayolim ishga soldim,
Birpasda topib oldim.
Mag‘rur, yuksak, viqorli,
Axir, u tog‘dir qorli.
– Bir, ikki, uch...o‘n olti,
“O‘n olti”, deb kim aytdi?
– O‘n olti, deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yo‘q, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Qishda muzlamas aslo,
Yozda muzlaydi ammo.
Dehqonlarga tashvishdir,
Rangi xuddi kumushdir.
– Qiziq ekan bu jumboq,
Javobin topdim biroq.
Sho‘r yer u – koni zarar,
Yozda ham oppoq turar.
Orif TOLIB