- Rukn: Sheʼrlar
- 1995 marta ko‘rilgan
Dono bolajon
Osmonga chiqdi quyosh,
Shu vaqt yogʻdi yomgʻir ham.
Bir zumda yuzim, sochim,
Koʻylakcham ham jiqqa nam.
Samoda paydo boʻldi
Kamalak turfa xil rang,
Goʻyo koʻkka in qurgan
Kapalaklar bir qarang.
Endi sizga bir savol:
Necha xil rang osmonda?!
Yoʻl chizgan qavat-qavat,
Shu ranglar qaysi nomda?!
***
Sayr qildik dalani,
Koʻrdik gala qargʻani,
Don teradi taq, tuq, tuq,
Shundan uning qorni toʻq.
Yer kavlaydi yumronlar,
Qochib qolar quyonlar.
Ayni bahor pallada,
Mazza qildik dalada.
Savol sizga doʻstlarim:
Qargʻa qanday sayraydi?!
Quyonlar va yumronlar
Nega yerni kavlaydi?!
***
Bogʻimizda shaftoli,
Pishdi oʻrik, olmalar.
Olcha bilan gilosning
Yuzi yoqutdek yonar.
Anor ketdi yorilib,
Dur-u sharbatga toʻlib.
Ularni savatlarga
Joyladik xursand boʻlib.
Bir savat qizil meva,
Bir savatda qolgani,
Qizil mevalar nomin
Bolajonim, top qani?!
***
Onam yopdi kulcha non,
Menga berdi beshtasin.
Singlim Raʼnoga bitta,
Opam Layloga uchta.
Koʻp bolalar kelishdi,
Bizni oʻrab olishdi.
Boʻlishing deb kulchani,
Toʻldirishdi koʻchani.
Onam yopdi shirmoy non,
Ichida shirin kulcha,
Ulashdik bolalarga,
Kulchalar soni qancha?!
***
Bugun kirdim yettiga,
Endi maktab boraman.
Oʻyinchoqlar oʻrniga
Kitobga doʻst boʻlaman.
Ukamga mashinani,
Singlimga ayiqchani,
Fotima va Zuhraga
Vertolyot, qayiqchani.
Sovgʻa qildim barchasin,
Sanogʻini toping siz,
Bizning oilamizda
Nechta oʻgʻil, nechta qiz?!
***
Mitti quyon oʻrmonda
Qulupnay termoq boʻldi.
Oʻrtogʻi tipratikan,
Unga yordamga keldi.
Toʻldirib savatchani
Yerga toʻkdilar borin.
Qulupnay bilan birga
Toʻkildi qoʻziqorin.
Boshin qashib quyonvoy,
Doʻstiga qarab qoldi.
Menga ayt-chi oʻrtoqjon,
Kim qoʻziqorin terdi?!
Nargiza SAIDOVA,
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 5-maktab oʻqituvchisi