- Rukn: Sheʼrlar
- 1183 marta ko‘rilgan
“Kitobga doʻst boʻlarman”
Navroʻz qoʻshigʻi
Boychechaklar bosh koʻtarib
Qish qahrini sindirdilar.
Buvijonlar yeng shimarib
Bugʻdoy koʻki undirdilar.
Sumalaklar qaynar, ana,
Bu ham elga rizq-u roʻz.
Har goʻshada toʻy-tantana
Bu – bizning Navroʻz, Navroʻz.
Uzoq yoʻldan togʻlar oshib
Qaldirgʻochlar qaytdilar.
Musichalar ku-kulashib
Xush koʻrdik, deb aytdilar.
Urugʻ kutib koʻpchir tuproq,
Yashillanar dala-tuz.
Keksa-yu yosh... Hamma quvnoq,
Bu – bizning Navroʻz, Navroʻz.
Argʻimchoqda uchgan qizlar
Shamollarga yoqadi.
Yalpizlarni suyib, sizlab
Anhor toʻlib oqadi.
Hatto Boboquyosh oshiq,
Uzolmaydi Yerdan koʻz.
Jaranglaydi yalla, qoʻshiq
Bu – bizning Navroʻz, Navroʻz
Lang ochilib darvozalar,
Yozilar oq dasturxon.
Toʻrt yon ketar ovozalar,
Tashrif buyurar mehmon.
Ozod yurtda koʻngil oʻsdi,
Taʼrifiga toping soʻz.
Oʻzbegimning asl doʻsti
Bu – bizning Navroʻz, Navroʻz.
Kitobga doʻst boʻlarman
Muqaddasdir tuprogʻim,
Muhabbati koʻprogʻim.
Yashnasin hurlik ichra
Mening oʻzbakiy bogʻim.
Oftobga doʻst boʻlarman,
Odobga doʻst boʻlarman.
Bobolarimga oʻxshab
Kitobga doʻst boʻlarman...
Odobga doʻst boʻlarman,
Oftobga doʻst boʻlarman.
Bobolarim singari
Kitobga doʻst boʻlarman.
Oshi halol elim bor,
Oftobjamol feʼlim bor.
Bulbullar makon etgan
Yuragim huddi bahor.
Vatan chorlasa shayman,
Tinchligin asragayman.
Mard boʻlib maydon tushgan
Alpomishga oʻxshayman.
Odobga doʻst boʻlarman,
Oftobga doʻst boʻlarman.
Bobolarim singari
Kitobga doʻst boʻlarman.
Zamira Roʻziyeva