- Rukn: Sheʼrlar
- 1317 marta ko‘rilgan
“Chopsa oʻzar shamoldan...”
Ildam bola
Ildam bola, tishi kemshik,
Kattalarday aqlli.
Tagidagi qari eshak
Qistatadi jahlini.
Oʻzi-ku xoʻp ildam, daydi,
Chopsa oʻzar shamoldan.
Ammo eshagi yurmaydi,
Boshi qotgan bu holdan.
Kuyinmagil, hoy bolakay,
Oʻzni urib, shoshqinib,
Sen chalganda sayroqi nay –
Toshar koʻklam toshqini.
Bosh ustingda tandir misol –
Qizimaydi choʻl koʻki.
Shaharlarni qilarsan lol,
Odam boʻlib sen oʻqib,
Horgan chogʻi, qoʻy, olsin dam,
Shunda qolsin eshaging.
Men yoʻlingga lolalardan
Qizgʻish gilam toʻshadim.
Huv qirda ham chayqalguvchi
Qizgʻish daryo seniki.
Uni yalangoyoq kechib,
Oldga talpin entikib.
Ortda qolar choʻl – bagʻri keng,
Oʻt-u eshaging bari.
Dunyo kezar hali sening
Temir oyoqchalaring...
Ildam bola, ildam bola...
***
Bobolar bir vaqtlar tovuq pati-la
Qiynalib-qiynalib yozgan soʻzlarin.
Men bugun oʻqiyman, tarovatiga
Toʻymayman, oʻqiyman, tinmas koʻzlarim.
Men ham suyib, kuyib ancha sheʼr bitdim,
Vaqt-u bevaqt yozdim: shomda, peshinda.
Ammo ularga ham qachonlardir jim
Kimdir termilarmi, hamma gap shunda.
Demakki, sen shoirsan
Nafaqat...
Oʻtsang yozib
Kuz yangligʻ soʻlib, ozib,
Bozillagan choʻgʻ bosib,
Qoʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan!
Oltinmi
Yo olmosda,
Tigʻda yurolsang, rost-da,
Itqitsa, oyoq ost-da,
Toʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan!
Nafaqat
Koʻtarsa xalq,
Koʻksingdan itarsa xalq,
Peshonang namakob, talx,
Shoʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan!
Nafaqat
Zar, zoʻrlarni,
Uzsang toʻsin, toʻrlarni,
Chayqaltirsang gʻorlarni,
Goʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan!
Halima Xudoyberdiyeva,
Oʻzbekiston xalq shoiri