- Rukn: Sheʼrlar
- 1086 marta ko‘rilgan
Ona tilagi
Bahor gullarini olamga sochdi,
Kurtaklar koʻzida tuydim farogʻat.
Nabiram ustini avaylab yopdim,
Shirin tushlarini qoʻrir saodat.
Yopilgan non boʻyi tutar havoni,
Kaptarlar don choʻqib, kezar xotirjam.
Tinchlik nasimi xush esgan maʼvoda,
Koʻzimga bolamday termular olam.
Oʻzbek saratonin tandirlarida,
Dengizday chayqalib yotsa bugʻdoyzor.
Dasturxonda turgan boʻrsildoq nonda,
Xalqim mehnati-yu tinchlik taʼmi bor.
Oltin kuz sallona-sallona kelar,
Xalqim duosida choʻng xirmon choʻgʻi.
Ona sayyorani nondek asrang, deb,
Yuksakda xilpirar Vatanim tugʻi.
Yuzimni oq momiq qorlarga tutdim,
Hovuchim toʻldirdim goʻzal duoga.
Bu koʻhna olamni oʻzing asra, deb,
Yolvorib oʻtindim yolgʻiz Xudoga.
Asra goʻdaklarni, asra onani,
Asra oʻgʻlonlarni, boʻy qizlarni ham,
Omin deb, duoga qoʻl ochayotir,
Qabrin qor qoplagan otam ham onam.
Toʻrt fasl koʻksida bir dunyo tilak,
Ular ostonaga tashlab ketar gul.
Olam mehvariga TINCHLIK soʻzini
Gul bilan yozmoqda har bitta koʻngil.
Sharifa Salimova