- Rukn: Sheʼrlar
- 1058 marta ko‘rilgan
Navoiyning nabiralari
Tiriklikning bol, shiralari,
Biri ulugʻ, kichik birlari,
Faxr etib yurgaydir bari,
Navoiyning nabiralari.
Yarqiraydi tillo uzukdek,
Shu uzukka qoʻyilgan koʻzdek.
Biri Bobur, biri Ulugʻbek –
Navoiyning nabiralari.
Koʻrkam boʻy-u qaddi-qomatlar,
Kulsa shunday kular omadlar.
Chiqmasin hech sizdan nomardlar,
Navoiyning nabiralari.
Oʻz koʻnglida koʻzlar Marslarni,
Gijinglatib yurar «Mers”larni.
Qoldirmasin ekan darslarni,
Navoiyning nabiralari.
Chinniday oq dorilfununlar,
Sizga – yillar, sizga bu kunlar.
Ilm ishqida boʻling Majnunlar
Navoiyning nabiralari.
Qadim zamon, Haq zamonidan,
Oltin chiqqan oltin yonidan.
Siz ham oʻshal oltin konidan,
Navoiyning nabiralari.
Intilsangiz – bir kun yetgaysiz,
Manzillarga ziyo eltgaysiz.
Farhod-Shirin boʻlib ketgaysiz,
Navoiyning nabiralari.
Kurtak yozar payvandlaringiz,
Unutmang hech: dilbandlaringiz,
Tugʻilajak farzandlaringiz –
Navoiyning nabiralari.
Hazrat bobo Soʻzni oʻylagan,
Qancha qosh-u koʻzni oʻylagan.
Asli ul zot sizni oʻylagan,
Navoiyning nabiralari.
El-yurt omon, davron salomat,
Yaratgandan sizga karomat.
Hayot oʻzi aylar xushomad,
Navoiyning nabiralari.
Umr asli – nasib yo nasib,
Har dilga bir gul mutanosib.
Navoiyga boʻlsin munosib
Navoiyning nabiralari.
Sirojiddin Sayyid,
Oʻzbekiston xalq shoiri