- Rukn: Sheʼrlar
- 1128 marta ko‘rilgan
“Gullar bahorga husn”
Atirgul
Oʻtgan yili bogʻimizga
Oʻtqizdik koʻp atirgul.
Koʻp oʻtmay ular bizga
Hadya etdi asl gul.
Loʻppi-loʻppi ochilgan
Gullar bahorga husn.
Boʻyi har yon sochilgan,
Bezatgan bogʻning tusin.
Goʻzal Mayni, bahorni,
Qutlashar qushlar butkul.
Sayrab oqshom, saharni,
Oʻtkazar kuychi bulbul.
U shod mehnat aqlidan,
Bizga bogʻ yaratdi, deb.
U shod gullar atridan,
Kuyimiz taratdi, deb.
Bulbul, mayna, qumrilar
Xush ohangda sayrashar.
Erkin, Gulzor, Umrilar
Bogʻdan jilmay yayrashar.
Goʻzal May, bahor chogʻi,
Doʻstlar, toʻplaning boqqa.
Chaman yurtimiz bogʻi,
Gullar anqir dimoqqa.
Kutubxonachi
Kitob – bilimlar koni,
Unda koʻpdir gavhar-dur.
Varaqlab koʻr-chi, qani,
Koʻz oldingda chaqnar nur.
Shu nur yoritar hamon
Bizning ong-fikrimizni.
Har xil ajoyib kitob
Oshirar zehnimizni.
Hamma joyda ochilgan
Koʻrkam kutubxonalar,
Koʻrib zavqlanishadi
Barcha ota-onalar.
Kutubxonalarda ham
Mehribonlarimiz koʻp.
Bizga tanlab berishar,
Qiziq kitoblarni xoʻp.
Ularning mehnatlarin
Keldi maqtash xonasi:
– Bizga gʻamxoʻr, murabbiy
Har bir kutubxonachi!
Turnalar
Turnalar, hoy turnalar,
Pastlab uchingiz!
Bizning koʻl va daryolar
Bagʻrin quchingiz!
Bizlarni xursand qilib,
Keldingiz shu chogʻ.
Koʻkimizda tizilib,
Soling argʻimchoq!
Erkin-erkin uchingiz,
Osmonni boʻylab.
Qoʻrqmay yerga tushingiz,
Sayrashib-kuylab.
Bizlar koʻl, dengizlarni
Etdik koʻp obod.
Siz ham tushib bizlarni
Qiling juda shod.
Ilyos Muslim