- Rukn: Sheʼrlar
- 522 marta ko‘rilgan
Ehtiyot boʻl olovga, aylanmasin u yovga
Shoir va olim Bahodir Obid Favqulotda vaziyatlar vazirligi birlashgan tahririyatida masʼul kotib. Bu vazirlik xodimlarini yongʻin, suv toshqini, zilzila kabi tabiiy ofatlardan zarar koʻrgan manzillardagi aholini halokatdan qutqaruvchi, kutilmagan koʻngilsizliklarga uchragan kishilarga koʻmak qoʻlini choʻzuvchi xaloskor bahodirlar, desak xato boʻlmaydi. Shoir akangiz ana shu jasur xizmatchilarga bagʻishlab “Sardor – xaloskor” nomli doston yozibdi. Jurnalimizning ushbu sonidan boshlab dostonni eʼlon qilyapmiz. Bu asar sizni nafaqat hushyorlikka, jasoratga undaydi, balki oʻzingizga boʻlgan ishonchingizni ham oshiradi.
Sardor – xaloskor
Uni hamma taniydi,
Unday boʻlsang, qaniydi.
U bir oʻsmir – qahramon,
Kulfatda doʻstdir mudom.
Qutqaradi ofatdan,
Balo-yu talafotdan.
Soʻng tezda boʻlar gʻoyib,
Odati xoʻb ajoyib...
Niyati yorugʻ, ezgu,
Qoʻlida – tiniq koʻzgu.
Koʻrsatadi olamni,
Tabiat-u odamni.
Tashvishda qolsa birov,
Qoshiga yetgay darrov...
Shamoldan tez uchar u,
Boʻrondan tez koʻchar u.
Alpomishga nabira,
Oʻtda yonmasmish sira.
Hatto, qilich kesmaskan,
Suvga tushsa, choʻkmaskan,
Afsona bir bolakay,
Sizga tanish har qalay.
Mardi maydon, ham jasur,
Soʻzi shirin, yuzi – nur.
Ismi – Sardor xaloskor,
Unga shiddat, himmat yor!
Sardor – ajib qahramon,
Barchaga doʻst, mehribon.
Tinglang, aziz bolajon,
U haqda aytay doston!
Esimda u mashʼum kun,
Koʻkka oʻrlardi tutun.
Koʻp qavatli binoda,
Akrom bilan Ziyoda.
Qichqirishar dod solib,
Tokchaga oʻtirvolib.
“Oh” urib yigʻlashardi,
Yurakni tigʻlashardi.
Ota-onasi ishda,
Tirikchilik tashvishda...
Eshik tashqaridan berk,
Olov bosib kelar tik.
Buralib qizil “tili”,
Toʻsgancha chiqish yoʻlin:
– Ikking tutaman, – derdi, –
Yamlab, yutaman, – derdi...
– Yordam bering! – derdi qiz,
Javob boʻlmasdi essiz!
Akrom yoʻqotmay oʻzni,
Yupatar jajji qizni:
– Bizga berishar yordam,
Singiljon, qoʻrqma hecham!
Shu payt boʻldi guldirak,
Jaranglab sindi oynak.
Deraza uzra boʻydor,
Turar xaloskor – Sardor.
Olov unga tashlandi,
Zoʻr tomosha boshlandi.
Otashni pisand qilmay,
Olovni olov bilmay.
Uchib kelar mard Sardor –
Oʻz ishiga ustakor.
Avaylab hamrohlarin,
Yoygandek “qanotlarin”.
Choyshabga oʻrab oldi,
Koʻtarib, joʻnab qoldi...
Belda mustahkam arqon,
Tushar Sardor yer tomon.
Aka-singil hayratda,
Oshib tushar balanddan.
Ziyoda dedi: Hayhot!
– Sardorga bitdi qanot...
Bolalar dedi: Rahmat,
Boʻling doim salomat!
Sardor ham koʻp shod edi,
Doʻstlarga shunday dedi:
– Senga qoyilman, Akrom,
Choʻchimading mushkul on.
Mard akasan, oqkoʻngil,
Ziyoda – sodiq singil...
Unutmang bir naqlni:
Najot biling aqlni.
Ogoh boʻling olovga,
Aylanmasin u yovga.
Gugurt emas oʻyinchoq,
Uchqun boʻlmas ovunchoq.
Ermak emasdir olov,
U aslida tilsiz yov.
Kelsa ham ofat – dahshat,
Boʻling bir-birga madad.
To mehrdan tonmaysiz,
Olovlarda yonmaysiz!
(Davomi bor)