- Rukn: Sheʼrlar
- 1055 marta ko‘rilgan
Gʻildirak
Bir vaqtlar gʻildirakni
Dumalatib yurardim.
Koʻchada gʻizillatib,
Dadil javlon urardim.
Goh oʻng qoʻl, goh chap qoʻlda
Aylanardi gʻildirak,
Qishloqni gir aylanib,
Chiqar edim pildirab.
Soʻng juftgʻildirakli – shayton
Aravada xoʻp uchdim.
“Ichak-chovogʻin” ochib –
Yigʻib, suv qilib ichdim.
Ballon, shassi, motorni...
Rosa qunt-la oʻrgandim.
Miyaga muhrlandi
Oʻqigan, koʻrganlarim.
Bilimlarni egallab,
Yurgum dadil koʻkarib.
Endi toʻrtta gʻildirak
Uchar meni koʻtarib.
Moʻmin Avaz