- Rukn: Sheʼrlar
- 1473 marta ko‘rilgan
“Gulxan”da bugun bayram, davraga keling siz ham
Esingizdami, Gulxanjon Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida tashkil qilingan bayramda sizlar bilan mazza qilib oʻynagandi. Qarang, birpasda Gulxanjonning ham bayrami boshlanib qolibdi. Qanaqa bayram deysizmi? Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Bu kun jurnalistlar oʻz bayramlarini nishonlar ekan, gazeta-jurnallarini oʻqishli boʻlishida tahririyatga chin yurakdan yordam berayotgan hamkor doʻstlarini bir-bir koʻz oʻngidan oʻtkazadi. Gulxanjon ham barcha hamkasblarini ushbu bayram bilan tabriklaydi. Hamda “Gulxan” jurnalining qiziqarli va rang-barang chiqishida oʻziga koʻmakdosh boʻlgan jonkuyar doʻstlariga minnatdorlik bildiradi.
Erkin Malikovga
Mavzularni qidiramiz, topamiz,
Topolmasak, huzuriga chopamiz.
Bobomizning qayralgandir qalami,
Bolalarga odob berar kalomi.
Foziljon Oripovga
“Topqirlik mashqlari”ni qotirasiz,
Topqirtoylar boshini xoʻp qotirasiz.
Bilagʻonlar aqlining qayrogʻisiz,
Krossvordchi akalarning bayrogʻisiz.
Ochil Toshqulovga
Surxon, Boysun togʻlarining taʼrifini,
Vohadagi afsonalar tarixini,
Ertakdayin xoʻp chiroyli etar bayon,
Tabiatga muhabbati shundoq ayon.
Dilnavoz Najimova va Kavsar Turdiyevaga
Ingliz tilin hijjalab
Oʻrgatgan chogʻ Dilnavoz,
Ruschada fikrlashga
Undaydi Kavsar ustoz.
Til bilgan ellar oshar,
Ilmlilar ming yashar.
Feruz Matyoqubov va Umid Sulaymonovga
Feruz, Umid Sulaymon
Jurnalga koʻp qadrdon.
Akalar chizgan rasm
“Gulxan”ga boʻlar husn.
“Qalam haqi”dan takror
Sizlarga uzrimiz bor.