- Rukn: Sheʼrlar
- 1217 marta ko‘rilgan
Oyim urishmasin deb...
Buvijon
– Buvijon, yuzingizda
Nega buncha koʻp chiziq?
Qanday paydo boʻlgan u,
Sababi juda qiziq.
– Bu chiziqmas, yoʻllardir,
Lof qoʻshmadim soʻzimga.
Bosgan barcha izlarim
Koʻchib oʻtgan yuzimga.
Toshbaqa
– Erinchoqmi bilmadim,
Javob bering-chi aka:
Nega doim imillab,
Sekin yurar toshbaqa?
– Menimcha, unga qiyin,
Javobim xulosasi –
Tez yurishga xalaqit
Qiladi tosh kosasi.
“6” baho
– Qani, kelaqol oʻgʻlim,
Oʻtirgin-chi joyingga.
“6” baho oldim men, –
Deganmishsan oyingga?!
– Kecha darsim qilmasdan
Erta uxlab qolgandim.
Aslida ikki fandan
Ikkita “3” olgandim.
Oyim urishmasin deb,
Rosayam oʻyga toldim.
Ikkita “3”ni qoʻshib,
“6” deb qoʻya qoldim.
Oʻktam Sadin