Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi

Sahifamiz mehmoni – Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi o‘quv­chilari. Ularning ijod namunalari sizni ham befarq qoldirmaydi.

 

YAXSHI DO‘ST

Daraxt tomir bilan tirik,

Do‘sti bilan odamzod.

Do‘st bo‘lsang devonaga,

Boy bo‘lur devona ham.

 

Yaxshi do‘stlar sonin orttir,

Do‘sting yuz ming bo‘lsa oz.

Chin do‘stlarni maqtay desang,

Ta’rifga yetmas qog‘oz.

 

Ezgu niyatli do‘st ila,

Yetib yasha murodga.

Mehr qo‘lin tutqazsang gar.

Do‘st bo‘lur begona ham!

 

Nafisa AXROROVA

 

***

YURAK

Sening davring keldi, o‘ynoqi yurak,

Kuyla jo‘shqinliging tarannum etib.

Ishingdan bu dillar o‘yinga tushsin,

Garchi g‘amlar ketsin tez unutilib.

 

Tahsinlar aytsinlar, chalsin olqishlar,

Atrofga qaragin, yaqin bahor ham.

Ochilgan ilk chechak faqat sen bo‘lgin,

Sendan bezak olsin, hattoki olam.

 

Lekin unutmaki, gul bo‘lar xazon,

Sen ham to‘xtagaysan o‘shanday bir hol.

Tangrining izmida ekan qismating,

Xazon chog‘i kelmay, rostin kuylab qol.

 

Zarifa MARDIYEVA

 

***

QIZIQARLI JUMBOQ

Menda o‘n beshta shar bor,

Sanayman takror-takror.

Ukamga berdim uchta,

Yorilib ketdi beshta.

 

Yulib-tortib singilcham,

Oldi sharning ikkitasin.

Injiqlik qilgan edi,

Majbur berdim bittasin.

 

Qo‘llarimdan sirg‘alib,

Uchib ketdi ikkitasi.

Qani ayting, do‘stlarim,

Menda qoldi nechtasi?

 

Shohsanam ABDUAZIMOVA

 

***

TASAVVUR

Ba’zida xayollar olib ketadi

Men orzu qilganim dengiz yoniga.

Qalbga tuyg‘ularni solib ketadi,

Meni chulg‘ab olar sohil domiga.

 

Dengizga aylanar qarog‘im balki

Va yoki o‘ylarim qiladi ado.

Yurakkinam urib turarkan toki,

Dengizim o‘zingsan dardimga da’vo.

 

Uzoqqa termulib o‘yladim bugun,

Berilib qandaydir ta’rifsiz hisga...

O‘zi dengiz o‘yi qaylardan kelgan,

Hatto, daryolarni ko‘rmagan qizga?..

 

Xayolda dengizga yaqinlashdimki,

Qiziqib u meni ayladi so‘roq:

– O‘zi sen kimsan-ey, angladimmi yo -

Qalbi orzularga oshiq qizaloq?

 

Ha-ha... Adashmading, axir men o‘sha,

O‘zicha yerda-yu samoda tengsiz!

Sira adashmading, axir men o‘sha,

Sohilini topa olmagan dengiz!

 

Farangiz ABDUSALOMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.