- Rukn: Sheʼrlar
- 318 marta ko‘rilgan
Navoiy ruhi
Necha asr o‘tgan bo‘lmasin,
U qoldirgan tugamas meros.
Necha qasr o‘ti so‘nmasin,
Uning tafti hamon beqiyos.
Karvonlarning izi qolmadi,
Lekin uning qalam izi bor.
Dovonlarning muzi qolmadi,
Navoiyning olam so‘zi bor.
Tunda balki porlamas quyosh,
Lek shoirning o‘chmas ziyosi.
Har kimda ham tugaydi bardosh,
Uning yashar komil dunyosi.
Cheksiz emas balki koinot,
Hadsiz erur ammo tafakkur.
Bir kun o‘tar bu foniy hayot,
Lek yashaydi Navoiy mag‘rur.
Ezgulikning bitmas bulog‘i,
Simirasan, aslo to‘ymaysan.
Firdavsdek yam-yashil bog‘i,
Ko‘ngilni hech uzib qo‘ymaysan.
Shunchaki yod etmang so‘zini,
Yashang doim hikmatlarida.
Haykal qo‘ymang, eslang o‘zini,
O‘qib Qur’on oyatlarida.
Uning boqiy barhayot ruhi,
Kezar har bir o‘zbek uyida.
Ulug‘ siymo, so‘nmas shukuhi,
Yashar tirik shoir o‘yida.
Hamidjon Pozilov,
Qo‘qon universiteti talabasi