- Rukn: Sheʼrlar
- 2349 marta ko‘rilgan
Har biringiz bir butun lashkar
Jahon bilar alplarning kuchin,
Dunyo guvoh, odamlar shohid.
Vatan – xalqni qo‘riqlash uchun
Chegaralab olingan hudud.
Avlodlarning doim ko‘ngli to‘q,
Ajdodlarning makoni – Vatan.
Bu hududning yomon yeri yo‘q,
Xasi – Vatan, tikoni – Vatan.
Yov lashkarin yengish san’atin,
Shiroq bobom hikoya qilgan.
Qarang, To‘marisning jur’atin,
Yurtni qanday himoya qilgan.
Jangda ba’zan bitta bahodir
Zabt etilmas istehkom bo‘lgan.
Bir qo‘shinni yengishga qodir
Metin bo‘lgan, mustahkam bo‘lgan.
Siz Vatanning sergak posboni,
Ofitsersiz, serjantsiz, askar.
Siz xalqimning harbiy imkoni,
Har biringiz bir butun lashkar.
Rustam MUSURMON,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi