- Rukn: Sheʼrlar
- 2216 marta ko‘rilgan
Ikki she’r
Oqqushlar
Besh-olti yosh edim chamasi,
Ko‘lga olib borganda bobom.
Bir to‘p oqqushlarning galasi
Suv yuzida etardi xirom.
Yuraklarda zarra g‘ubor yo‘q,
Qamishzorlar chayqalar beg‘am.
Bir xil rangdan iborat borliq,
Qanday go‘zal edi bu olam?!
Ertaklarga to‘la ko‘zlarim,
G‘am neligin bilmasdi hali.
Xotiramda qolgani shu zum
Zangor ko‘lning zumrad xayoli.
Anglab bo‘lmas qandaydir sog‘inch
Va ko‘nglimni o‘rtaguvchi zor.
Siz ham sayr etganmisiz hech,
Qushlar bilan dunyoni bir bor?
Bobom, men, ko‘l, bir it ovora,
Shunday kechar edi yoz, qishlar.
Bolaligim eslasam darrov
Ko‘rinadi o‘sha oqqushlar.
Qizimga
Qizim, daraxtlardan yashashni o‘rgan,
Daryolar ko‘ngliga qara, qanday sof.
Dunyoni qo‘y, ko‘proq nurdan yaralgan
Maysaga mehr ber, bo‘lmagay isrof.
Sadoqat neligin qushlardan so‘ra,
Bo‘yingga yarashsin baxting, iloyo.
Gul yoshing bezagan husningdan ko‘ra
Tug‘ilgan yurtingga bo‘lgin mahliyo.
Yoshlik ham ko‘z ochib-yumguncha o‘tar,
O‘zliging anglasang nurga to‘lasan.
Eng avval Vataning sha’nini ko‘tar,
Ertaga o‘zing ham ona bo‘lasan.
Murg‘ak yuragingda jo‘sh urar qonim,
Borliging quvonch baxsh etar dilimga.
Mening go‘zalligim, barcha boyligim,
Sen bilan yashaydi ona tilimda!
Adiba Umirova