- Rukn: Sheʼrlar
- 1823 marta ko‘rilgan
Quyosh yerga parvona
Ovsey Driz,
yahudiy shoiri
Sirli hodisa
Qo‘shiq kuylar bir bola,
Qo‘sh darvoza yonida.
Ajabtovur kuy sehri –
Jo‘sh urardi qonida.
Qo‘lida zarang taxta,
Temir eshik jaranglar.
Ajabtovur sadodan
O‘tgan-ketgan alanglar.
Skripkachi usta ham
Ta’sirlanib yo‘taldi...
Derazadan mo‘ralab,
Ko‘zoynagin ko‘tardi.
– Xuddi shunday taxtani
Men axtarib yashardim.
Agarda sovg‘a qilsang,
Bir skripka yasardim.
Ajabo, yana bitta
Yangi soz ham yaraldi.
Usta unga yashirgan
Sir atrofga taraldi.
Torlar-chi nola qilar,
Ohista qaqshab-qaqshab.
Qo‘sh darvoza oldida,
Turgan bolaga o‘xshab.
Tarozilar
Tarozining turi ko‘p,
Ko‘rib hayron qolasan.
Bittasida baliqning
Vaznin tortib olasan.
– Ing‘a-ing‘a, – der buvak,
Ana jajji qo‘lchalar.
Bunda yangi mehmonning,
Og‘irligi o‘lchanar.
Biri tortar sabzavot,
Sotuvchining korida.
Aptekaning chenovi
Mo‘ljallangan doriga.
Mening esa tarozim
Barchasidan soz, ortiq.
Har bir gapni o‘ylanib,
Aytaman o‘lchab, tortib...
Sado
Daraxt yel-sabo bilan,
Shamollar sado bilan.
Tandirdan uzilgan non
G‘aroyib qisirlaydi.
Uni yegan bolajon
Ushog‘in tushirmaydi.
Gulning isi mast qilar,
Yomg‘ir dilni g‘ash qilar.
Bo‘ron noxush bo‘kirar,
Qashqir ulib-o‘kirar.
Soat azal beshafqat
Bong urib turar faqat...
Kim nimaga bog‘langan
It zanjirga bog‘langan,
Tulpor esa arqonga.
Chelak quduq boshida,
Mol – pichanga har holda.
Oy osmonga osilgan,
Qo‘riqchidir yulduzlar.
Quyosh yerga parvona,
Nurafshondir kunduzlar.
Odamlar-chi azaldan,
Yaxshilikka chog‘langan.
Shuning uchun hamisha
Bir-biriga bog‘langan.
Tursunboy ADASHBOYEV tarjimalari