- Rukn: Sheʼrlar
- 1909 marta ko‘rilgan
Vatanim bolasiman
Joldasboy Nurllayev,
Qoraqalpoq shoiri
Vatanim bolasiman
Men otamning bolasi,
Men Vatanning bolasi,
Men onamning erkasi,
Ko‘zining oq-qorasi.
Orol bo‘yi makonim,
Men Amuning o‘g‘liman.
To‘lib-toshgay Orolim,
Yuragi o‘t-cho‘g‘liman.
Sohibqiron nasliman,
Qutlug‘ yo‘ldan ketaman.
Anglab yetdim aslim men,
Maqsadimga yetaman.
Amir Temur bobomning,
Ruhi bizga yor bo‘lgay.
O‘zbekiston – Vatanim
Mangu obod, bor bo‘lgay.
Yilning eng yaxshisi
Dadam asta oyimga,
Berar ekan ro‘znoma,
Ko‘rsatib sahifani,
Chiqibdi, der, yilnoma.
Mitti bo‘lsa ham sichqon,
Bosh muchalni olibdi.
Tog‘day tuya ro‘yxatdan,
Qarang, tushib qolibdi.
Baliq izidan quyon,
Ilon-u ot yonma-yon,
It va tovuq haqida,
Qilingan aniq bayon.
Yo‘lbars-u hamda sigir,
Tovuqning oldi maymun.
Dadam sanar birma-bir,
Tikilib bizga mamnun.
Erkatoyim, Safarjon!
Bolam, yiling it ekan.
Itlar chaqqon va mohir,
Muchalda biroz oxir.
Birdan qosh-qovoq uyib,
Boshlar xarxashasini:
– Yildan saralab menga,
Beringlar yaxshisini.
Der, kuyinib kattalar,
Eng zo‘rini olibdi.
Menga esa so‘ngida,
Qopag‘on it qolibdi. –
Shunday, deya o‘zicha,
Topdi nuqson-xatolar.
Uning aytgan so‘ziga,
Kulishdik biz – kattalar.
Musavvir qish
Ser solib boqsang qishga,
Diling zavqdan yayraydi.
Bir zumda keng dalani
Oq ko‘rpaga burkaydi.
Ayoz otli musavvir,
Oshiradi hayrating.
Qilish uchun tasavvur,
Ko‘ring, naqshli-suratin.
Qarang, tunda erinmay,
Hammayoqni kezibdi.
So‘ngra charchadim, demay,
Tasvirini chizibdi.
Derazaga tikilib
Qarasangiz tong chog‘i.
Kumush bargli gullarning
Bo‘lasiz siz guvohi.
Jilmaysami sal quyosh,
O‘zgarar oynada tus.
Unda yo‘q zarra bardosh,
Shunday yaralgan afsus.
Qoraqalpoq tilidan Ochil Tohir tarjimasi