- Rukn: Sheʼrlar
- 2344 marta ko‘rilgan
Vatan hayratlari
Yurtim tuprog‘ini o‘pib bir nafas,
Basavlat tog‘lardek ko‘krak keraman.
Vatan ne deb so‘rang mendan ash’ormas,
Avval chap ko‘ksimni tutib beraman.
Qaynoq yuragidek tandiri qaynoq,
Dasturxonda gullar shirmoy nonlari.
Hatto peshonada terlari ham oq,
Husnidan tug‘ilgan gul rayhonlari.
Halol mehnatidan ko‘ngil xushlatib,
Dehqon chanoqlardan oppoq baxt terar.
Yuragim qo‘liga qalam ushlatib,
Vatan, hislarimga isming dars berar.
Yurt isi tishlagan tishloqlarida,
O‘zligi muhabbat, tomiri bardosh.
Osmonlarni quchgan qishloqlarida,
Paxsa devorlarda gullaydi quyosh.
Piyolamda mehring turadi to‘lib,
Yashil halovating har bitta yaproq.
Qaldirg‘ochlaringga hur Vatan bo‘lib
Dehqon kaftlarida kuylaydi tuproq.
Har lahza his etdim tinchlik nafasin,
Yuragimga erkdan hayajon to‘lsa.
Nechun tuprog‘ini Vatan demasin,
Inson shu tuproqdan yaralgan bo‘lsa!
Abdubannob MANSUROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Onajonim – she’riyat” to‘garagi a’zosi