- Rukn: Sheʼrlar
- 2438 marta ko‘rilgan
Gurung
Atoqli adabiyotshunos Safo Matjonning 70 yoshiga bag‘ishlayman
– Oltmish yilkim she’r yozasiz,
Bolalarga, jujuqlarga.
Sho‘x-u shaddod, qaysar, qitmir,
Burnin tortgan puchuqlarga.
Safo Matjon shu asnoda,
Suhbat boshlab savol tashlar.
– Nazmda eng peshqadamlar,
Ayting kimlar, qaysi yoshlar?
– Tanirdingiz o‘ta kamtar,
Shoir edi Hamza, Rustam.
Umri qisqa ekan, afsus,
O‘tdi ular dabdurustdan.
So‘zga o‘ta hassos edi,
Shoir Hamza Imomberdi.
“Men ham Zafar Diyordayin
Go‘zal she’rlar yozsam”, derdi.
Hamza puxta she’ri bilan
Ko‘ngillarni yorishtirgan.
Rustam esa falsafani
Yumor bilan qorishtirgan.
Zamondoshi Kavsarxonim,
Burchga sodiq turgani rost.
Nurulloh Oston ukam,
Oltmish yoshni “urgani” rost.
Rustam Nazar izdoshlarin
Fikri tiniq, nazmi latif.
Erpo‘lat Baxt, Qo‘zi O‘g‘lon
Va Sodiqjon Inoyatov.
Iqtidorli shogirdlar ko‘p,
Bir-birini qilmas takror.
Topqirlikda o‘ziga xos
Dilshod Rajab, Ma’mur Qahhor.
Shoir Zafar Isomiddin,
Go‘zal vodiy – Farg‘onadan.
Xudoyberdi Komil esa
Urgutdan-ku sobitqadam.
– Bolalarning adibi oz,
Bu jumboq ham qiynar ko‘pdan.
– Ulug‘ ustoz Avloniydan
Shu urf meros bo‘lib o‘tgan.
Xullas kalom, Safo do‘stim,
Jujuqlarga yozish mushkul.
“Oltin baliq...” ertagini
Ming azobda yozgan Pushkin.
Tursunboy ADASHBOYEV