- Rukn: Sheʼrlar
- 2792 marta ko‘rilgan
Sen quyoshni kuylab yashading
Assalom
Assalom, assalom!
O‘zbekiston, aziz kalom, assalom,
Toleingda qutlug‘ ayyom, assalom!
Xush kelibsan, ne zamonlar kutaman
Xush kel, erkim, gul bilan bol tutganim!
Ijobatli duolar, xush kelibsiz,
Dil ochuvchi sabolar, xush kelibsiz!
Alpomishga ot mindirgan cho‘qqilar,
Oltin tarix endi ravon o‘qilar.
Dunyodaman endi dunyo safinda,
Borar bo‘ldim endi hurlar qatinda!
Assalom, assalom!
Bobolarning porloq yodi, assalom,
Botirlarning uchqur oti, assalom!
Xush kel, erkam, navro‘zlarni kuldirding,
Ko‘zlarimga yulduzlarni to‘ldirding,
Ey istiqlol, bayrog‘imga ipaksan,
O‘zbekiston, mangu urgan yuraksan!
O‘z yerim deb kuygan, yongan xalq edim,
Iymonimga chin inongan xalq edim,
Bilar edim, Yaratganning mehri bor,
Toleimda buyuk davlat muhri bor!
Assalom, assalom!
Noming aziz, yangroq elim, assalom!
Yer-u ko‘kda uyg‘oq elim, assalom!
Amu
Amu sovuq, befarq tog‘lardan
Yuz o‘girib, qochib keladi.
Toshlar aro u yalangoyoq
O‘ziga yo‘l ochib keladi.
U dovonlar oshar to‘lg‘anib,
Otilar u vodiylar tomon,
Go‘yo tomdan tusholmay qolib,
Onasiga intilgan o‘g‘lon.
Oshiqarkan pastliklar sari
Uqubatda poyama-poya,
Qoyalarning qora xanjari
Bardoshiga sololmas soya.
Qarang, telba desalar hamki,
O‘z yo‘lidan toymas u zinhor.
Go‘yo taqir huv kengliklarda
Ko‘zlagani katta baxti bor.
G‘ofur G‘ulom xotirasi
Samovatda qora nur ko‘pdir,
Quyoshdan ham u behad katta.
Dunyo izlar shu’lali taqdir,
U ko‘rinmas aslo zulmatga.
Ko‘milganda yerga, hatto don
Tars yorilar o‘tmayin hafta.
Jismin otar osmonga tomon,
Ko‘nikmaydi u ham zulmatga.
Yer tubinda yotadir tog‘lar,
Yog‘du kenglik izlab shiddatda.
Portlar bir kun olov buloqlar,
Ko‘nikmaslar tog‘lar zulmatga.
Sen quyoshni kuylab yashading,
Sen yashading nurga xizmatda.
Nega yo‘qsan?! Janggami ketding
Yer ostida qolgan zulmatga?!
Omon Matjon
O‘zbekiston xalq shoiri