- Rukn: Sheʼrlar
- 1338 marta ko‘rilgan
“Hozircha otim cho‘pdan...”
Multik
Ukam ko‘rar multikni
Berilgancha juda ham.
Ekranga lol tikilgan
Chalg‘itib bo‘lmas hecham.
– Uxla, – deya o‘rniga
Yotqizaman chiranib.
Ko‘zlarini yumadi
Ko‘rpasiga o‘ranib.
Der: – Uxlolmam akajon,
So‘z bersam ham o‘zimga.
Axir joylashib olgan
Multfilmlar ko‘zimga.
Baliq
Qarmoq tashladim suvga,
Bitta baliq ilindi.
Og‘zini katta ochib:
– Qo‘yvorgin, – deb yalindi.
Baliqqa qo‘ydim bir shart:
– Maktabimga bor, – dedim.
– Jurnaldan “ikki”larni
Bitta-bitta ol, – dedim.
Tipirlagan baliqning
Dumi tegdi boshimga.
– Turgin, – deb turtar oyim,
Xalal berib tushimga.
Chavandoz
Uchqur otim poygada
O‘zib ketar,
Tuproqqa uzun chiziq
Chizib ketar.
Ha chuv, chop, deb do‘stlarim
Quvib yetmas,
Birontasi tezlikda
Bizdan o‘tmas.
Charchab, terlab ayg‘irda
Turaman g‘oz,
Hozircha otim cho‘pdan,
Men chavandoz.
O‘tkirjon TOTLIBOYEV,
Jizzax shahri