- Rukn: Sheʼrlar
- 1519 marta ko‘rilgan
“Asl vatanparvardir kitobni do‘st bilganlar”
Navro‘zim
Boychechakdan salom keldi,
Yalpizdan xush kalom keldi.
Tuhfa aylab tolbargaklar,
Navro‘zdan ehtirom keldi.
Kel, gulyuzim, kel, sho‘x ko‘zim,
Jon Navro‘zim, jon Navro‘zim.
Yog‘ib berdi oq yomg‘irlar,
Qizg‘aldoqzor bo‘ldi qirlar.
Sayillarda yayradi dil,
Yangrab ketdi qo‘shiq, she’rlar.
Kun-u tunga teng tarozim,
Xush kelibsan, jon Navro‘zim.
Qaldirg‘ochlar pastlab uchdi,
Bodomzorlar guli – pushti.
Tilab rizq-u omonliklar,
Ulug‘ Yerga urug‘ tushdi.
Aylanayin sendan o‘zim,
Jon Navro‘zim, jon Navro‘zim.
Buncha yaxshisan, bahor
Sunbul-sunbul bir quloch,
Tolbargakdan taqib soch.
Gul tersam, guloyim deb,
Qo‘shiq aytdi qaldirg‘och.
Olam go‘zal, beg‘ubor,
Buncha yaxshisan, bahor.
Gulzorlar bo‘y taratar,
Bulbullarni sayratar.
Halinchagim hayyo-hu-uv,
Uchsam jonni yayratar.
Ko‘ngil naqshisan, bahor,
Buncha yaxshisan, bahor.
Chehralarga chiroy sen,
Sehrga, sirga boy sen.
Osmoni tinch elimda,
Qanot yozgan Xumoy sen.
Hofiz – baxshisan bahor,
Buncha yaxshisan, bahor.
Kitobni do‘st bilganlar
O‘zligin anglay bilar,
Kitobni do‘st bilganlar.
Baxt yo‘lin tanlay bilar,
Kitobni do‘st bilganlar.
Ko‘zga surtar tuprog‘in,
Suyar gul-u yaprog‘in,
Qovjiratmas chorbog‘in
Kitobni do‘st bilganlar.
Ona tilim manim, der,
Sha’ni yuksalganim, der,
Pastlatsa kim – g‘anim, der,
Kitobni do‘st bilganlar.
Gurunglarda gulnafas,
Yashnarbog‘dan kelgan sas,
E’tiqodi adashmas
Kitobni do‘st bilganlar.
Oshin yemas minnatning,
Zalolatning, illatning,
Faxri bo‘lar millatning,
Kitobni do‘st bilganlar.
Asqotar yurt, eliga,
Qalqon do‘l-u seliga,
Mardlik xosdir fe’liga,
Kitobni do‘st bilganlar.
Gumroh dunyo unga yot,
Har kuni bir kashfiyot,
Fozillarga zurriyot,
Kitobni do‘st bilganlar.
Gard yuqmagan sahardir,
Ummon ichra gavhardir,
Asl vatanparvardir,
Kitobni do‘st bilganlar.
Zamira RO‘ZIYEVA