- Rukn: Sheʼrlar
- 4450 marta ko‘rilgan
Temur bobom
Abadiyat olovin yoqqan,
Haqqoniyat yalovin taqqan.
Quyosh bo‘lib boshlarda balqqan,
Misli to‘fon ko‘pirib qalqqan
Sharaf-shoni Buyuk Turonim,
Temur bobom, sohibqironim.
Asrlarki shoningiz o‘chmas,
Tamal toshi Siz qo‘ygan – ko‘chmas.
Birlashmagan elat-el kuchmas,
Daholarsiz yurt zafar quchmas,
Alp xoqoni Buyuk Turonim,
Temur bobom, sohibqironim.
Tish qayratib o‘ch, adovatda,
Yog‘iy bosar, beklar g‘aflatda.
El-yurt to‘zgan, siz malomatda,
A’molingiz: “Kuch – adolatda!”
Zo‘r qalqoni Buyuk Turonim,
Temur bobom, sohibqironim.
Quvib boshdan asriy kulfatni,
Yaratdingiz buyuk davlatni.
Yuksaltirib fan-ma’rifatni,
His etdingiz nozik san’atni
Qalb sultoni Buyuk Turonim,
Temur bobom, sohibqironim.
Ravshan ISOQOV