- Rukn: Sheʼrlar
- 678 marta ko‘rilgan
Kitob javoningizga
Saodat Musayeva “Chirchiq tongi” gazetasida faoliyat yuritadi. Shuningdek, “Gulxan”ning eng faol jamoatchi mualliflaridan biri. Yaqinda Saodat opaning “Poytaxt exclusive”, “Arjumand media” nashriyotlarida birin-ketin uchta ajoyib, rangli, rasmlarga boy hikoya, ertak va she’rlari jamlangan kitoblari chop etildi. Ijodiy jamoamiz nomidan opani yangi kitoblari bilan tabriklaymiz. Ular sizning ham sevimli kitobingizga aylanishiga ishonamiz.
Quyida muallifning “Shifokor laylak” to‘plamiga kirgan she’rlaridan namunalar o‘qiysiz.
Kimdan ne qolar?
Mohir bo‘lsa hunarmand,
Undan qolar yaxshi ot.
Olimlardan qolgusi
Olamshumul kashfiyot.
Shoirlardan nodir so‘z,
Bastakordan mumtoz kuy.
Me’mordan, quruvchidan
Uylar qolar cho‘zib bo‘y.
Yozuvchidan shoh asar,
Kimdan bog‘, ko‘cha qolar.
Haykaltarosh san’ati
Mangulikdan joy olar.
Elning e’tiborida,
E’zozida har ishi,
Halol mehnati ila
Shuhrat qozonsa kishi.
Tug‘ilgan joyim
Burgut qo‘msar qoyasin,
Baqa mamnun ko‘lidan.
To‘rg‘ay tanir uyasin,
Tuya kechmas cho‘lidan.
Har bir ungan giyohning
O‘z suygan tuprog‘i bor.
Adashgan chumoli ham
Uyasin izlaydi zor.
Tovushqonga tug‘ilgan
Tepasi bo‘lsa aziz,
Qushlar ham o‘zi qurgan
Oshyondan qolmas hargiz.
Ko‘nglimda yo‘qdir armon,
Seni sevganman doim.
Faxrlanib so‘ylayman,
Ey, men tug‘ilgan joyim!