- Rukn: Sheʼrlar
- 738 marta ko‘rilgan
Oq yoʻl Gulinur va Shahrizoda
“Tarbiyaning eng yaxshisi tuyg‘ular tarbiyasidir”, – deb bejizga aytishmaydi. Bunda ijodning, adabiyotning ahamiyati nihoyatda katta.
Gulinur Shodmonqulova hamda Shahrizoda Jumanazarovalar Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 29-maktabda tashkil etilgan “Adabiyot gulshani” to‘garagi a’zolari. Ularning she’riy mashqlarini o‘qisangiz, o‘ziga xos tasavvur olami, fikri borligiga, beg‘ubor tuyg‘ularini mohirona ifodalaganliklariga guvoh bo‘lasiz.
Biz bo‘lajak shoira qizlarimizga yuksak ijodiy parvozlar tilab qolamiz.
Nilufar UMAROVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
“Shuhrat” medali sohibasi.
***
Ukam havasda
Yoshi yetib ukam ham
Maktabga chiqay debdi,
Quvonchi ichga sig‘may
Shoshgancha sanay ketdi.
Raqamlar uzuq-yuluq,
Bir, ikki, uch, besh, yetti...
To‘xta, uka, boshidan
Sanog‘ing xato ketdi.
Qani bunda to‘rt, olti,
Boshdan sana-chi yana,
Unda bor bosh-u oyoq
Ammo yo‘qdayin tana.
Raqamlarni ketma-ket
Sen sanagin adashmay.
Yo‘qsa sanoq buzilar,
Tartib bilan joylashmay.
Ukam deydi, ko‘p o‘qib,
Men ham bo‘laman dono.
Shunda sanab beto‘xtov,
Eshitaman ko‘p maqtov.
Gullar ifori
Bahor kelganda men ham,
Ekdim chiroyli gullar.
Ochilsa, iforlari
Ko‘cha bo‘ylab yoyilar.
Gullar rangi xilma-xil,
Sariq, oq, pushti, qizil.
Sovg‘a qildim oyimga
Rang-barang bir quchoq gul.
Gulinur SHODMONQULOVA,
8-sinf o‘quvchisi
Vatanim
Qadim bobolarning beshigidirsan,
Cheksiz imkonlarning eshigidirsan,
Kuylasam, ezgulik qo‘shig‘idirsan,
Ko‘hna shahrim senda gavhar, sadafdir.
Seni kuylamoqlik menga baxt erur,
Mudom bag‘ishlaysan qalbimga surur,
Gullar qulog‘imga roz aytib turur,
Quyosh ko‘zlarimga nurlar tarabdi.
Qo‘lim ko‘ksimdadir aylasam ta’zim,
Qushlaring jo‘r bo‘lsin, avjida sozim,
Baralla yangrasin shodon ovozim,
Senga xizmat qilmoq mangu sharafdir.
Doʻstim
Olamni shodlikka to‘ldirib kulgin,
Sevinchdan doimo ko‘zing porlasin.
Dard-u sitamlarni dog‘da qoldirib,
Chehrangni to‘ldirib quvonch o‘ynasin.
Hech qachon yosh to‘kma qarog‘ing namlab,
Sadoqat bobida tengsiz qadrdon.
Yuraging osmondek tiniq, musaffo,
Misoli ganjina – mehrlarga kon.
Menga kuch bag‘ishlar ishonching sening,
Sening-la dunyoni hayratga solgum.
Bir toza havodan olayin nafas,
Sen menga umrbod do‘st bo‘lib qolgin.
Shahrizoda Jumanazarova,
10-sinf o‘quvchisi