- Rukn: Sheʼrlar
- 4877 marta ko‘rilgan
Mehnat qurollari nima deydi?
Bolg‘a
Dangasa demang meni,
Men har ishda chaqqonman.
Bultur bir qop yong‘oqni
Bitta o‘zim chaqqanman.
Bir qop yong‘oqqa, e-he,
Qancha odam to‘ymoqda.
Mix deysizmi, boltavoy
O‘zi qoqib qo‘ymoqda.
Ombur
Xato qilsa bolg‘avoy,
Darrovda tuzataman.
Qiyshiq mixni sug‘urib,
To‘g‘rilab uzataman.
Ikki jag‘im – boyligim,
Ish ko‘p, ulgurish kerak.
Yordamlashib yuboring,
Mixni sug‘urish kerak.
Panshaha
Xashak o‘rsa o‘roqvoy,
Yig‘ib, g‘aram qilaman.
Bundan tashqari sabzi
Qazishniyam bilaman.
Uy-ro‘zg‘orga qarashib,
Yoz-u qish ishim “besh”-da.
Buyog‘in so‘rasangiz,
Barmoqlarim ham beshta.
Arra
Shoxmi, daraxt yo taxta
Shart-shurt arralagayman.
Hushyor bo‘ling, qo‘lingiz
Yo‘q-sa yaralagayman.
Usta duradgor bilan
Hali ko‘pdir ishlarim.
Tishlarimmi, temirdan
Og‘rimaydi tishlarim.
Ne’mat Dushayev