- Rukn: Sheʼrlar
- 3101 marta ko‘rilgan
Men zafarlar quchaman
Keyingi yillarda bolalar uchun sermahsul ijod qilayotgan shoir Ochil Tohirning yana bir yangi kitobi – “Maqtanchoq mushuk” nomi bilan “O‘zbekiston” nashriyotida chop etildi. Unga siz bolalarni mulohazaga undab, ma’naviy olamingizni boyitadigan she’rlar qatorida ikki ertak-doston ham kiritilgan. Chiroyli, rangli rasmlar bilan bezatilgan bu kitob shoirning boshqa ijod namunalari qatori qalbingizdan munosib joy oladi.
Istiqlol – istiqbolim
Men hurriyat farzandi,
Istiqlolim – kamolim.
Ozod elning dilbandi,
Istiqlol – istiqbolim.
Orzularim bir olam,
Ko‘kni ko‘zlab uchaman.
Xalqim der: “Yuksal, bolam!”
Men zafarlar quchaman.
Imkonimdir har onim,
Kular tole-iqbolim.
Kundan-kun o‘sar ongim,
Yorug‘dir istiqbolim.
Kamalak
– Qalam, daftarim qani?
Rasm darsi-ku erta.
Men gullarning rasmini
Chizishim shart, albatta. –
Xunobi oshib Zokir,
Baqirar ukasiga.
Bilag‘on mitti Shokir,
Shunday der akasiga:
– Bekorchilikdan charchab,
Osmon sari uchibdi.
Ham o‘zaro birikib
Ko‘k betini quchibdi.
Ishonmasangiz, qarang,
Bo‘yalgan osmon-falak.
Ko‘kni bezab yetti rang,
Turar edi kamalak.
Olma
“Olma” atalsam ham men,
Olmam qolmas shoximda.
Nega shundayin deya,
O‘ylayman men gohida.
O‘zi “olma” deb turib,
Mevamni olib yeydi.
Odamlar nega yana
Nomimni “Olma” deydi?
“Gullarning balig‘i”
Botganicha bo‘g‘ziga,
Suvda turar nilufar,
Suv kirmasmi og‘ziga?
O‘ylayman men har safar.
Xavotir olib undan,
Juda uzoq o‘yladim.
Ajablanib men chindan,
Do‘stlarimga so‘zladim.
Boshqa gullar singari,
Nega o‘smas tuproqda,
Bormikan biron siri?
Bosh qotirdim shu haqda.
Xolis ayting o‘zingiz,
G‘alati-da “qilig‘i”.
O‘ylab-o‘ylab dedim men:
U “gullarning balig‘i”.
Ochil Tohir