- Rukn: Sheʼrlar
- 501 marta ko‘rilgan
Men so‘z berdim o‘zimga
Men so‘z berdim o‘zimga,
Endi quloq solmayman.
Mayli, ukam ranjisin,
Tarafini olmayman.
Bo‘lsa noshud va anqov
Kaltak yesin, pand yesin —
Tushmayman men o‘rtaga,
Kim nima desa desin.
Yanglishdim bir-ikki gal
Uning yonini olib.
Endi sal ranj uchun ham
Meni izlar dod solib.
Mustaqil zarb berishga
Unda sira jur’at yo‘q,
— Akamga aytaman! — der,
Qochayotib urar do‘q.
Orqasida borimni
His etmasa mabodo,
Botinmaydi mushukka
U “pisht” deyishga hatto.
Men so‘z berdim o‘zimga,
Endi quloq solmayman.
Mayli, ukam ranjisin,
Tarafini olmayman!
Rustam NAZAR