- Rukn: Sheʼrlar
- 1568 marta ko‘rilgan
Mikrob, virus va salomat qiz haqida ertak
Bor ekan-u, yo‘q ekan,
Och ekan-u , to‘q ekan,
Ota-ona yolg‘izi
Bor ekan bitta qizi.
Ismi ekan Salomat,
Chiroyli va xushqomat,
Xo‘p orasta yurarkan,
Jismoniy mashq qilarkan.
Kerak bo‘lganda har dam
Berarkan zarur yordam.
Bir kun ko‘ribdi u tush:
Kichik odamlar xomush
Yoniga kelgan emish,
Shu so‘zni degan emish:
“Qo‘rqib ketmagin faqat,
Sen tomonga, Salomat,
Bizni keltirdi qayg‘u,
Bir oy bizni ezdi u.
Bir dushman-nomi – Mikrob,
Yonida Virus-xarob
Yurtimiz bosib oldi,
Odamlar holdan toydi.
Munajjimlar yulduzga
Qarab dedilar bizga:
“Xaloskorimiz faqat,
Bir qiz – ismi Salomat.
Yuguringlar, yelinglar,
Uni olib kelinglar.
Kimgaki yordam kerak,
U doim berar ko‘mak!”
Va biz otlandik yo‘lga,
Maqsadni tugib dilga.
Rosa yugurdik, chopdik,
Nihoyat, seni topdik.
Voqeani bilgach qiz,
Boshin chayqar: “Eh, esiz!”
So‘ng ancha o‘ylab qolar,
Qo‘liga to‘rva olar,
Unga solar sarimsoq,
Piyoz, qalampirmunchoq,
Yalpiz va yerqalampir,
Na’matak va zanjabil,
So‘ng yasab ancha niqob,
“Yuringlar!” debdi shu tob.
Shivirlab, yumgancha ko‘z,
Aytilar sehrli so‘z:
“Shumati, bumati, davara,
Qiynalmay, bo‘lmayin ovora,
Samoni bir zumda quchaylik
“Yash” sayyorasiga uchaylik”.
Shu payt ularni bo‘ron
Eltdi o‘sha yurt tomon.
Hamma yoqda oh-u voy,
Bemorlarga yetmas joy.
Yo‘tal, aksirish, hiqichoq,
Og‘riqlardan oh-u voh.
Mikrob, virus yonida,
Burnidir osmonida,
Yurishibdi gerdayib,
Kasalliklarni yoyib.
Biri qirol, biri shoh
Juda ham qalin o‘rtoq.
Yonlarida vazir Gripp,
Oyna-eshikni yopib
Tumov hamda shamollash,
Deguningcha xash-u pash,
Yetib kelar yoningga,
Og‘riq berar joningga.
Salomat jimib qoldi,
Atrofga nazar soldi.
Nima qilsa bo‘ladi?
Qizcha shuni o‘yladi.
Yo‘qotmasdan o‘zini
Aytdi dadil so‘zini
Mikrofon olib shu tob:
– Hamma taqvolsin niqob.
Eshik-oyna ochilsin!
Yelvizakdan qochilsin!
Tozalansin uylar ham,
Hatto, ko‘cha-ko‘ylar ham.
Qo‘llar toza yuvilsin,
Barcha mikrob quvilsin!
Viruslarni qirmoq shart,
Piyozdan siqib sharbat.
Tayyorlaymiz o‘q-qurol,
U bo‘ladi dorivor.
– Hamma ishga kirishdi,
Mikrob bilan kurashdi.
Buni eshitib shu tob
Razil Virus va Mikrob
Jahldan tutoqdilar,
Qahr bilan boqdilar.
Endi jangga kirishar,
Jon-jahd bilan kurashar.
Isitmani ko‘tarar,
Qaqshatar va titratar.
Shodlikni aritishar,
Darmonni quritishar.
Salomatda esa bor
O‘q-dorilar dorivor.
Separ Mikrobga uni
Bitadi Mikrob kuni.
Virus-Mikrob qirilar,
Dorilarga urilar,
Virus boshiga to‘qmoq
Urar yana Sarimsoq.
Yov ishi chiqar puchga,
Bemorlar kirar kuchga!
“Endi, deydi Salomat:
– Yaratamiz alomat
Giyohlardan damlama.
Ular to‘rvamda, mana.
Yalpiz va Yerqalampir,
Na’matak va Zanjabil,
Qani ishga, odamlar
Bemor topsin yordamlar!
Yana qalampirmunchoq
Olib keldim bir quchoq.
Ishlar qizir har joyda,
Harakat – koni foyda.
Paydo bo‘la boshlanur
Bemorlar ko‘zida nur.
Sayyora aholisi
Salomatdan barisi
Juda minnatdor, xursand,
Uning obro‘si baland.
Barcha quvvatga to‘lar,
Damlamalar kuch berar.
Mana so‘nggi bemor ham,
Tuzaldi, bo‘ldi bardam.
“Yash” sayyoraning ahli:
Katta-yu kichik – bari:
Salomatga der “Rahmat!”
Xursand bo‘lishib behad,
Sovg‘a bilan siylashar,
Ezgu tilak tilashar.
Yengildi yovuz Mikrob,
Virus ham bo‘ldi xarob,
Gripp ham tumov qochdi,
Sog‘lomlikka yo‘l ochdi.
“Yash” sayyorasi esa
Endi nom oldi “Yasha!”
Salomat uyga qaytar
Sehrli so‘zlar aytar:
“Shumati, bumati, davara,
Qiynalmay, bo‘lmayin ovora,
Samoni bir zumda quchayin,
Ona Yer, sen tomon uchayin!”
U uyda bo‘ldi paydo,
Uzoqdan keldi sado:
“Neki “Yashar” xalqi bor,
Bari sendan minnatdor.
Qo‘llab hayot farzini,
Sog‘lom turmush tarzini,
Sendagi sabr, ishonch
Keltirdi bizga quvonch”.
Kavsar TURDIYEVA