- Rukn: Sheʼrlar
- 3894 marta ko‘rilgan
Muallimlarga
Nechogʻ baxtiyorman, taʼzimda shu tob,
Sizning shaʼningizga bitmoqdaman bayt.
Ne odam boʻlardim, qoʻlimda kitob
Biror harf tanimay tursaydim loqayd.
Siz-ku “Alifbo”dan “Qomus”gacha to
Bari-barisini tanitgan ustoz.
Ilk bor Siz koʻrsatgan duraxshon Zuhro,
Bu kun sheʼrim ichra tashbehdir mumtoz.
Siz moʻjaz yurakda yoqolgan yogʻdu,
Oqibat quyoshdek socha olar nur.
Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu:
Sizdan boshlanadi asli tafakkur.
Olamda koʻp erur muborak onlar,
Tabarruk zotlar ham garchand koʻp erur.
Sizgadir ilk rahmat aziz insonlar,
Munis muallimlar, sizga tashakkur!
Abdulla Oripov