- Rukn: Sheʼrlar
- 1053 marta ko‘rilgan
Til bilan inson aziz
Bugun til bayrami – boʻlaylik xurram,
Oliy maqomdagi tilimiz uchun!
Tili bilan inson aziz, mukarram,
Jonimiz baxshida elimiz uchun!
Azaldan qadimiy oʻzbekmiz, oʻzmiz,
Ahli dunyo bilar bir soʻzligimiz.
Dunyoni fath etgan lisonmiz, soʻzmiz,
Aslo unutmaymiz biz oʻzligimiz!
Qoshgʻariy bobomiz tilida mehri,
Navoiy qoʻllagay bizni to abad.
Onamiz allasi, tilimiz sehri
Oʻzbekni yakqalam aylagan ijod!
Oʻrxun xatlarida jondosh bitiklar,
Tariximiz soʻzlar koʻhna Avesto.
Yerning qatlarida lahjalar uxlar,
Salom ham, kalom ham mangu qalbga jo!
Sevganday Quyoshni, sevganday Oyni,
Sevganimiz kabi yulduzlarni ham.
Tuproqni sevganday jondek baayni, –
Havoday hamnafas boʻlaylik hamdam.
Sevganimiz kabi bir-birimizni,
Ziyoga talpin, doʻst, bagʻring kengroq och!
Sevib elimizni, oʻz tilimizni
Dillar-u dunyoga boʻlaylik tilmoch!
Normurod Narzullayev,
Oʻzbekiston xalq shoiri