Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sevimlisiz, ardoqlisiz, suyuklisiz

Ustozlar

Nurli yoʻldan boshlab, qoʻldan yetaklab, siz,

Ezgulikni sochmoqdasiz etaklab, siz,

Koʻkka eltgan imkonlarsiz, parvozlarsiz,

Najot bergan, hayot bergan ustozlarsiz.

 

Sevimlisiz, ardoqlisiz, suyuklisiz,

Begʻuborsiz, bezavolsiz, buyuklisiz,

Yozilmagan qancha sheʼr-u bayozlarsiz.

Ustozlarim, ustozlarim, ustozlarim.

 

Nigohingiz yoʻlimizga tikilgandir,

Koʻz nuringiz shu yoʻllarda toʻkilgandir,

Ezgulikka hamrohlarsiz, sarbozlarsiz,

Ilm bergan, bilim bergan ustozlarsiz.

 

Sevimlisiz, ardoqlisiz, suyuklisiz,

Begʻuborsiz, bezavolsiz, buyuklisiz,

Yozilmagan qancha sheʼr-u bayozlarsiz.

Ustozlarim, ustozlarim, ustozlarim.

 

***

Ustoz degan ulugʻ soʻz bor,

Ustoz degan buyuk doʻst bor.

Unga aslo yoʻqdir qiyos,

Omon boʻling, yashang, ustoz!

 

 

Bu – bizning Oʻzbekiston

– Qaysi yerning nonlari

Kiritadi jonlarni?

– Minoralari baland,

Bu sayqali Samarqand!

 

– Qayerning zardoʻzlari

Shirin-shakar soʻzlari?

– Mashhurdir dunyo aro,

Budir qadim Buxoro!

 

– Ayting qaysi navolar

Dilingizdan joy olar?

– Javobi juda oddiy

Albatta, oltin vodiy!

 

– Alpomishning yeri u,

Chanqovuzning eli u.

– Togʻlari qalqon goʻyo

Beqiyos Surxondaryo.

 

– Qaysi yerning “lazgi”si

Moʻjizaning naq oʻzi?

– Bu el juda ham azim,

Hamma bilar Xorazm.

 

– Qaysi yerda kulollar

Gullardan naqsh solar?

– Shahrisabz – yashil dunyo,

Bilamiz – Qashqadaryo.

 

– Uzum nomi Qorakoʻz,

Guruchning navi – Nukus.

– Orol, Moʻynoq yerida

Qoraqalpoq elida!

 

– Mehmondoʻst, saxiy eli,

Egilmas, magʻrur dili.

Qaysi qadim yosh shahar?

– Poytaxt Toshkent – bosh shahar!

 

 

Vatan – baxt demak

Vatan – u qaydadir?

Vatanim qayda?

Yuragim zamindan

Taft olgan joyda.

Oʻzbekcha kuylasa

Daryo jarangi,

Atlasga chogʻlasa

Kamalak rangin.

Onam allasidan

Hapqirar yurak,

Bu ona zamindir,

Vatan – Yurt demak.

 

Sabosi onamdek

Boshim silasa,

Quyoshi otamdek

Mehr tilasa,

Ogʻamdek togʻlari

Suyasa tanim,

Soʻzi qoʻriqlasa

Duodek meni.

Ostonam izimdan

Koʻz tiksa ilhaq,

Bu ona zamindir,

Vatan – uy demak.

 

Tillaqoshi boʻlsa

Togʻlar bezagi,

Paxtalar rasmini

Chizsa kuzagi.

Tarixi koʻp minglab

Yilga taqalsa,

Oʻzbekni ulugʻlab

Nomi atalsa.

Humosi baxt deya

Bildirsa tilak,

Bu ona zamindir

Vatan – Baxt demak.

 

Vatan u nimadir?

Qalbim soʻroqlar.

Yuragim boylangan

Yaqin – yiroqlar.

Vatan – vujudimning

Tugʻilgan joyi,

Oʻlkamning quyoshi,

Yurtimning oyi.

Vatanim jismida

Men ham bir boʻlak,

Vatanim menga-yu

Men unga kerak.

 

Mard oʻgʻlonlar boʻlamiz

Togʻni baland demanglar,

Istasangiz chiqasiz.

Raqiblar kuchli demang,

Gʻayrat qiling, yengasiz.

Mard boʻling, botir boʻling

Shu otaning tilagi.

Ezgu ishga qodir boʻling,

Yigitga shu keragi.

Ha, dadajon qoʻrqmaymiz biz,

Mard va polvon boʻlamiz.

Ishonchingiz oqlash uchun

Kuch-qudratga toʻlamiz.

Ha, ha ezgu niyat bilan

Zoʻr insonlar boʻlamiz.

El-yurtimiz orzu qilgan

Mard oʻgʻlonlar boʻlamiz.

Sher bolasi ovni yengar,

El bolasi yovlarni.

Yoʻllarida uchragan

Barcha toʻsiq-gʻovlarni.

Chiniqing, mashq qilinglar,

Yutuq sehri mehnatda.

Xalqni eʼzoz qilgan inson

Boʻlar doim izzatda.

 

Kavsar Turdiyeva

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.