- Rukn: Sheʼrlar
- 1780 marta ko‘rilgan
Mustaqillik madhi
Vatan qadri
Chashma qoshida tiniq suv
Qadrini bilmas kishi,
Sayr etib gulshanda gulni
Ko‘ziga ilmas kishi.
Vah, bu ne g‘aflatki inson –
Ko‘ksida tutmish vatan,
Kim vatan ichra vatanning
Shukrini qilmas kishi.
Yurt nedir, yurt dog‘i nedir,
Yurtdan ayrilgan bilar,
Anglaguvchi yurt firoqin
Yurtda topilmas kishi.
Ey, vatandoshim, eshit
Bobur-u Furqat nolasin,
Besabab anduh tig‘ida
Bag‘rini tilmas kishi.
Bilma, farzandim, vatan hajrini,
Lek qadrini bil –
Kim vatan qadrini bilmas,
Angla, komilmas kishi.
Erkin Vohidov
***
O‘zingga bog‘liq
Mustaqillik ne demak,
Ne demakdir istiqlol?
Buni bilmog‘ing kerak,
Ma’nosini dilga sol.
O‘z yurting – yer, samosi.
Shahri gulshan ma’vosi.
Tongda esgan sabosi,
Tog‘i, bog‘i, daryosi
Endi o‘z mol-u mulking,
O‘z qo‘lingda o‘z erking.
Yurting nurga belanib
Ko‘ringaydir ko‘zingga,
Barcha oltin-gavharing
Buyursin-a o‘zingga.
Endi o‘zingga bog‘liq,
Ne ekib, ne o‘rmog‘ing.
Olqishlar seni borliq,
Zarur erur bilmog‘ing.
G‘ururing solib dilga,
Tezroq ulg‘ay, top kamol.
Erka farzandsan elga
Senikidir istiqbol.
Jumaniyoz Jabborov
***
Buyuk uyg‘onish
Yangi O‘zbekiston — buyuk Uyg‘onish,
Uchinchi Renessans tarixga kirdi.
To‘rt yil — to‘rt asrga tatigulik yil
O‘zbekiston dunyo tomon yuz burdi.
Sarhadlar ochildi. Ochildi yo‘llar,
Yanada yorqinroq porladi oftob.
Ona allalari hayotga qaytdi,
Sahro qumlariga singidi sarob.
Muzaffar o‘g‘lonlar, arslon o‘g‘lonlar
Zarbin tatib ko‘rdi bu dunyoi dun.
Bugun samodan nur mo‘l-ko‘l yog‘ilar,
O‘zbekiston uchun, o‘zbeklar uchun...
Sharifa Salimova
***
Yurtim kamoli
Shamol tegdi ko‘ksiga
Buyuk ona xalqimni.
Baxt keltirdi istiqlol,
Tanidi o‘z haqqini.
Adolatning timsoli,
Istiqlol – yurt kamoli.
Barcha udum, an’ana,
Qaytdi yana elimga.
Navro‘z qildi tantana,
Hurmat ortdi tilimga.
Humo qushi misoli,
Qo‘ndi boshga iqboli.
Elimning o‘z yo‘li bor,
O‘z fikri, o‘z maqsadi.
O‘ziniki topgani,
Yelga ketmas mehnati.
Hurlik – fikr, xayoli,
Kuldi elim iqboli.
Rauf Tolib
***
O‘zbek
Sig‘masa ham o‘zi, do‘stga
Joyi bor uning.
Yo‘lovchiga “Bir piyola
Choyi” bor uning.
Egatlardan topgan qaddi-
Yoyi bor uning.
Har yil yozda imorati,
Loyi bor uning.
O‘g‘il-qizi – yorug‘ yulduz,
Oyi bor uning.
O‘chmas izi, bosadigan
Toyi bor uning.
Do‘ppisini ko‘kka otib
Shodlansa arzir.
O‘zbekiston degan jannat
Joyi bor uning.
Dilshod Rajab
***
Mustaqillik to‘yi bu
Biz ozodmiz, biz hurmiz,
Boshimiz tik, mag‘rurmiz.
Biz erishgan marralar,
Bu go‘zal manzaralar,
Mustaqillik ne’mati,
Istiqlol sharofati.
Do‘stlarim, katta bayram,
Ko‘ngillar shod-u xurram.
Elim, yurtim to‘yi bu,
Yuksalishning bo‘yi bu.
Onamizdek parvona,
Eng aziz, eng yagona.
Bizning jon-u tanimiz,
Jannati Vatanimiz.
Yashnab borar kun sayin,
Shiddat bilan tinmayin.
Obod Vatan, obod yurt
Obod yarim ko‘ngillar.
Xalqim, qo‘lni qo‘lga ber,
Ajdodlar ruhi qo‘llar.
Zahro Hasanova
***
Istiqlolim
Ko‘zim ko‘rgan baxt, iqbolim,
Tilimdagi shakar-bolim.
Talpinganim chin a’molim,
Istiqlolim – istiqbolim.
Bobom-momom orzusisan,
Orzularning ezgusisan.
Qalb oynasi ko‘zgusisan,
Istiqlolim – istiqbolim.
Gullar taqdik chakkamizga,
Oftob tegdi yelkamizga.
Iymon qaytdi o‘lkamizga,
Istiqlolim – istiqbolim.
Sen madorim, sen qanotim,
Yoldor yo‘rg‘a – duldul otim.
Mazmunisan gulhayotim,
Istiqlolim – istiqbolim.
Ravshan Isoqov