- Rukn: Sheʼrlar
- 1424 marta ko‘rilgan
Shaxmat olamining yosh sultonlari
Dunyo osmonida momaqaldiroq,
Xushxabar taraldi, quvonch – qo‘ng‘iroq,
Yuraklarda yondi siz yoqqan chiroq,
Shaxmat sharafining yangi shonlari,
Yangi O‘zbekiston chempionlari!
Bu aql charxidan sochilgan olov,
Hindning Chennayida tikilgan yalov,
Raqiblar sochini bosdi-ya qirov,
Karuana bo‘zlab qolgan onlari,
Ikki Nodirbekning milliy shonlari!
Shaxmat tojin kiygan Grossmeysterlar,
Ko‘rdik qarshingizda jiqqa-jiq terlar,
O‘zbekning bu yangi to‘lqini derlar,
Chilparchin bo‘ldi-da, bor to‘g‘onlari,
Sizga ming ofarin, el o‘g‘lonlari!
Jahongir jon tikdi kerak onida,
Maks Varmerdam yondi o‘z armonida,
Shamsiddin shams bo‘ldi hind osmonida,
Yer-ko‘kka sig‘madi dil tug‘yonlari,
Shohni mot qilolgan el o‘g‘lonlari!
Javohir qadrini shonida tutdi,
Besh o‘g‘lon birlashib dunyoni yutdi,
Uchinchi Renessans tug‘ini tutdi,
Tomirida oqmish ajdod qonlari,
Bu o‘zbek xalqining bek o‘g‘lonlari!
El-u yurt duosi shukur, yor bo‘ldi,
Yurtboshimiz mehri madadkor bo‘ldi,
O‘zbekiston bo‘lib, safda nor bo‘ldi,
Shaxmat olamining yosh sultonlari,
Yangi O‘zbekiston qahramonlari!
Mahmud TOIR,
O‘zbekiston xalq shoiri