- Rukn: Sheʼrlar
- 560 marta ko‘rilgan
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 53-maktab o‘quvchilari ijodidan
“Bizning to‘garak” sahifasi mehmoni – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 53-maktab o‘quvchilari. Jajji o‘rtoqlaringiz endigina 4-sinf bo‘lishiga qaramay, hayratlarini she’riy misralarda ifodalashga juda qiziqadilar. Biri o‘z ertagi orqali ishonch har nega qodirligi haqida falsafiy gap aytmoqchi bo‘lsa, biri gullarning rango-rang liboslariga hayratlanib qaraydi. Toshbaqa misolida o‘z tengdoshlarini epchilroq bo‘lishga undaydi. Yaxshisi, ularning ijodini o‘qib, o‘z mulohazalaringizni yozib yuboring.
To‘garak rahbari Xursanoy Ergasheva
UCHAR VELOSIPED
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, shu yaqin zamonlarda, daraxtlari baland o‘rmonda Mitti quyon oilasi va do‘stlari bilan birga yashar ekan. Uni otasi Quyonboy va onasi Quyon xonim juda-juda yaxshi ko‘rishar ekan. Quyon odobli ekan. U barchaga muloyim gapirar, daraxtlarning shoxlarini sindirmas va ildizlarini kemirmas ekan.
Kunlardan bir kun Mitti Quyonning tug‘ilgan kuni bo‘libdi. Quyonboy va Quyonxonim unga velosiped sovg‘a qilishibdi. Endi Mitti Quyondan baxtliroq hech kim yo‘q ekan. U velosipedini juda yaxshi ko‘rar, uning changlarini artib, “Mening uchar velosipedim”, deb erkalab qo‘yar ekan. Uxlashdan oldin “Uchar velosiped”ga ertaklar aytib berar ekan...
Kunlardan bir kun Mitti Quyon velosipedini minib, o‘rmonga aylangani chiqibdi. Bobo Daraxtlar bilan salomlashib, so‘qmoq bo‘ylab ketayotsa, o‘rtoqlari uchrab qolibdi. Birinchi quyon “Voy-voy, velosipeding buncha eski”, debdi. Ikkinchi quyon “Velosipedmas, shaldiroq arava-ku!” debdi. Mitti Quyon juda xafa bo‘libdi. Ko‘zlaridan tomchi yosh sizib, velosipedining yuziga tushibdi. Shunda... Birdaniga Mitti Quyonning velosipedi osmonga uchib ketibdi. Masxara qilgan o‘rtoqlarining og‘zi lang ochilib qolibdi. Mitti Quyon ham “Bu qanday bo‘ldi?” deb hayratlanibdi. Velosiped esa xo-xolagancha “Sen menga shunday kuch berding, menga ishonding, ruhlantirding. Axir, meni “Uchar velosipedim deb atading-ku?” debdi. Mitti Quyon ishonch – muvaffaqiyat kaliti ekanligini anglabdi.
Mitti Quyonning o‘rtoqlari esa birovning ustidan kulish, uni masxara qilish, kamsitish yomon odat ekanligini tushunibdi. Ular boshqa bunday qilmaslikka ahd qilishibdi. Shundan so‘ng barcha quyonchalar katta o‘rmon bag‘rida ahil va inoq hayot kechirishibdi.
Mohizar JAMOLDINOVA
***
TOSHBAQAJON
Toshbaqajon, toshbaqa,
Kosang nega yumaloq?
Toshbaqajon, toshbaqa,
Sen yurasan sekinroq...
Qorda misli chanadek,
Kosangda tez uchasan.
Yirtqichlardan qo‘rqmasdan,
Xavotirsiz yurasan.
Beozorsan, maysalar
Senga bo‘lar ozuqa.
Faqat shoshil, ildam bo‘l,
Qani, olg‘a, toshbaqa!
***
GULLAR
Bog‘da yashnab kulasiz,
Chiroylisiz shunchalar.
Doim porlab turasiz,
Ey gullar, gulg‘unchalar,
Ko‘ylagingiz har xil rang,
Iforingiz ham turli.
Goh tongda, gohi oqshom,
Ochilasiz chiroyli.
Atirgul-u, chinnigul,
Lola, rayhon, gulbeor.
Karnaygul, jambilginam,
Siz bilan bog‘im bahor.
Husniyabonu Omonaliyeva
***
USTOZIMGA
Siz doimo sog‘ bo‘ling, ustoz!
Sizga bo‘lgan hurmatim bisyor,
Sizni juda yaxshi ko‘raman,
Shogird bo‘lay zukko, baxtiyor.
Siz go‘yoki quyosh, go‘yo nur,
Qalbimizga berasiz huzur.
So‘zlaringiz, bamisoli dur
Sizni yaxshi ko‘raman, ustoz!
Durdona To‘lqinova
***
ONA TILIM
Onajonim allasida kuylaydi,
Ona tilim – jon tilim.
Otajonim kalomida yayraydi,
Ona tilim – jon tilim.
Buvijonim ertagini so‘zlagan,
Ona tilim – jon tilim.
Bobomga ham zavq bergan,
Ona tilim – jon tilim.
Madhiyamda yangraydi,
Ona tilim – jon tilim.
Yuragimda yashaydi,
Ona tilim – jon tilim!
Muhayyo JAMOLDINOVA