- Rukn: Sheʼrlar
- 4655 marta ko‘rilgan
Narimon Orifjonov she’rlaridan
Narimon Orifjonov hayot bo‘lganida 84 yoshga to‘lardi... Narimon akaning o‘nlab she’rlari qo‘shiqqa aylangan. Shermat Yormatov rahbarligidagi “Bulbulcha” ashula va raqs ansanbli hozir ham bu qo‘shiqlarni o‘z repertuaridan tushirgani yo‘q. Biz esa ularni hanuzgacha miriqib tinglaymiz. Narimon aka uzoq yillar “Gulxan” jurnaliga mas’ul kotiblik qilganlar. “Gulxan”ning 1958–76-yillardagi to‘plamlarini varaqlar ekanmiz, ustozning ovozini eshitganday bo‘lamiz. Har bir satrida bolalarga bo‘lgan mehri sezilib turgan she’r va hikoyalarini takror-takror o‘qiymiz.
HAKKALAR
Ola qanot hakkalar,
Shoxdan-shoxga qo‘nasiz:
Chig‘ir-chig‘lab nimadir,
Izlab topgan bo‘lasiz.
Teraklarning uchidan
Sizga boqar polapon.
Qamishzorlar ichidan
Unga qarab qolaman.
Shoshqaloqlab tumshug‘in
Siz tomonga tutadi.
Hali yosh, yo‘l-yo‘rig‘in
Topmay najot kutadi.
Uni boqish farzingiz,
Yurmang muncha hakkalab.
Boshqalardan farqingiz
Yengiltaksiz, hakkalar.
KAKLIGIM
Tumshuqlaring tilladay,
Momiq paring pilladay.
Shoshma, seni bir ko‘ray,
Beozor qush, kakligim!
Ketolmaysan uzoqqa,
Seni solmam tuzoqqa,
Kel, mehmon bo‘l bu boqqa,
Bog‘imga tush, kakligim!
Senga har xil don beray,
Xohla, shirin non beray,
Erkin uch – imkon beray,
Kel, go‘zal qush, kakligim!
Narimon Orifjonov