Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toy bolam

Toydek bo‘lib yurgin bolam,

              toy-toy bolam, toy-toy bolam,

Boshingda nur sochgan quyosh,

              qalbingda topsin joy bolam.

 

Kulsang qiqirlab qoldi soy,

              bog‘larga baxsh aylab chiroy,

Dunyodagi eng katta boy,

              hozir o‘zingsan hoy bolam.

 

Yo‘l izlasang gulzorga boq,

              ketmas quvonch sendan yiroq,

Tog‘larda ko‘z ochgan buloq,

              oqmaydi hech vaqt loy, bolam.

 

Toy-toy desam, to‘y-to‘y deding,

              yurgan yo‘limga qo‘y, deding,

Dunyo qo‘shiq va kuy, deding,

              Oybekmisan yo oy bolam?

 

Qalbimda cheksiz iftixor,

              boshimda ming yillik chinor,

Tuprog‘i zar sochgan diyor, oh,

              buncha Hotamtoy bolam!

 

Darsxonadir asli hayot,

 nabiralar bizga qanot,

Borliqni sev mendan ziyod,

              monandi oqqan soy bolam.

 

Mehring etib ko‘nglimga jo,

              tinchlik so‘rab qildim duo,

Topilmagay olam aro,

              Axtamqulidek boy, bolam.

 

AXTAMQULI

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.